Jahon | 13:50 / 01.10.2025
3076
2 daqiqa o‘qiladi

FT: YeI Ukraina tufayli davlatlarni qabul qilish tartibini o‘zgartirmoqchi

Yevropa Ittifoqi rasmiylari Vengriya qarshiligiga qaramay, Ukraina va Moldovani YeIga qabul qilish bo‘yicha texnik ishlarni boshlashga hozirlik ko‘rmoqda. Viktor Orbanning vetosini yengib o‘tish uchun Yevropa komissiyasi tartibni o‘zgartirishni taklif qildi.

Foto: Dimitris Vetsikas / Pixabay

Yevroittifoq rasmiylari Vengriyaning doimiy qarshiliklariga qaramay, Ukraina va Moldovani YeIga qabul qilish bo‘yicha texnik ishlarni boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda 30 sentabr, seshanba kuni Bryusseldagi xabardor manbalariga tayanib, Financial Times nashri xabar berdi.

Ularga ko‘ra, Yevrokomissiya Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning vetosini chetlab o‘tish uchun o‘z qoidalarini o‘zgartirishni taklif qilgan. Shu maqsadda u Ukraina va Moldova bilan bir nechta klasterlarda (tematik muzokaralar guruhlari), bunday muzokaralarni boshlash bo‘yicha rasmiy qaror yo‘qligiga qaramasdan, texnik ishlarni boshlashni taklif qiladi. Yevropa rasmiylariga ko‘ra, bu kelishuv Kiyev va Kishinyovga islohotlarni davom ettirish, huquqiy bazalarini Yevropa Ittifoqi standartlariga moslashtirish va boshqa institutsional tayyorgarlikni amalga oshirish imkonini beradi. Vengriya veto huquqini bekor qilgandan so‘ng, rasmiyatchiliklarni tezlashtirish mumkin, deydi gazeta manbalari.

Ularning ta’kidlashicha, Ukraina va Moldovaning ba’zida og‘riqli siyosiy islohotlarni amalga oshirishga bo‘lgan rag‘bati Kiyev va Kishinyovning sa’y-harakatlari e’tirof etilmasa kamayishi mumkin. Biroq, islohotlar butunlay to‘xtatilgan muqobil variant yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi rasmiylar. «Kiyev rasmiylari bizga Bryusselda texnik o‘zgarish yo‘qligini hatto frontdagi askarlar ham bilishini aytdi», dedi Yevropa Ittifoqi diplomatlaridan biri. «Biz o‘zgarish yo‘lini topishimiz kerak».

Mavzuga oid