Jahon | 11:45 / 01.10.2025
3792
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp o‘ziga Nobel mukofoti berilmasa, buni «haqorat» deb qabul qiladi

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u tinchlik uchun Nobel mukofotini shaxsan o‘zi uchun emas, AQSh uchun olishni xohlaydi.

Foto: Evan Vucci/AP Photo/picture alliance

2025 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati e’lon qilinishidan o‘n kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp mukofot unga berilishi kerakligiga ishonch bildirdi. Boshqa har qanday qaror Qo‘shma Shtatlar uchun «haqorat» bo‘ladi, dedi Tramp 30 sentabr, seshanba kuni Virjiniyadagi Kuantiko harbiy bazasida AQShning yuqori martabali harbiy amaldorlari bilan uchrashuvda.

U tinchlik uchun Nobel mukofotini shaxsan o‘zi uchun emas, AQSh uchun olishni istashini aytdi.

Tramp, xususan, Hindiston va Pokiston, Misr va Efiopiya, Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi mojarolarni tilga olib, yanvar oyida prezidentlikka kelganidan beri yettita urushni tugatganini bir necha bor da’vo qilgan.

Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy DW'ning savoliga javob berar ekan, agar Tramp Rossiya bilan urushni to‘xtata olsa, uni Nobel tinchlik mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatishga va’da berdi. «Trampda bu urushni tugatish imkoniyati bor va agar u buni tugatsa, barcha ukrainaliklar buni mamnuniyat bilan qilishiga aminman. Chunki bu aql bovar qilmaydigan missiya — uni tugatish», dedi u. Trampning o‘zi DW'ning Kiyev uni nomzod qilib ko‘rsatishi mumkinmi degan savoliga: «Nega bunday bo‘lishi mumkin emas?» deb javob berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid