Jahon | 13:53 / 04.10.2025
3419
2 daqiqa o‘qiladi

Daniya razvedkasi: Rossiya G‘arbga qarshi gibrid urush olib bormoqda

Daniya harbiy razvedkasi rahbari Tomas Arenkil Rossiyani «NATO hamjihatligiga putur yetkazish» uchun gibrid urush olib borayotganlikda aybladi. Uning idorasi mamlakat qurolli kuchlariga qarshi diversiyalar xavfi yuqori ekanligini bildirdi.

Foto: AP

Rossiya NATO ichida noaniqlik va kelishmovchilikni keltirib chiqarish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga putur yetkazish uchun Daniya va boshqa G‘arb davlatlariga qarshi gibrid urush olib bormoqda. Bu haqda 3 oktyabr, juma kuni Kopenhagendagi matbuot anjumanida Daniya harbiy razvedka xizmati (Forsvarets Efterretningstjeneste, FE) direktori Tomas Arenkil ma’lum qildi.

Uning agentligi so‘nggi haftalarda Daniyadagi aeroportlar va muhim inshootlar ustida dronlarni kuzatish natijasida shunday xulosaga keldi. Bu fuqarolik dronlari uchun havo hududining vaqtincha yopilishiga, shuningdek, Kopenhagen va shimoliy Olborg shahri aeroportlarida havo qatnovining to‘xtatilishiga olib keldi.

Daniya hukumati uchuvchisiz uchoqlar ortida kim turganini hali aniqlamadi, biroq Rossiyani gumon qilmoqda. «Rossiya bizni yaqin orada urush xavfi borligiga ishonishimizni xohlaydi. Ular bizni shu qo‘rquvda yashashimizni xohlaydi», — dedi Arenkil.

U, shuningdek, Rossiya harbiy kemalarining «bir necha bor Daniya kemalari bilan to‘qnashuv kursida bo‘lganini» misol qilib keltirdi. Ayni paytda harbiy razvedka rahbari bilan birga matbuot anjumani o‘tkazgan Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen mamlakat Rossiya bilan urush tomon ketyapti deb hisoblamasligini aytdi.

Mavzuga oid