Jahon | 08:50 / 06.10.2025
3439
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyada Asad ag‘darilganidan keyin birinchi saylovlar bo‘lib o‘tdi

Suriyada Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin ilk parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmadi, saylovchilar kollegiyasi a’zolari ovoz berdi. Bundan tashqari, «xavfsizlik nuqtai nazaridan» mamlakatning 14 viloyatidan uchtasida saylovlar o‘tkazilmadi.

Foto: Mahmoud Hassano/REUTERS

Suriyada prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin ilk parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish 5 oktyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tdi va natijalar bir yoki ikki kundan keyin ma’lum bo‘ladi.

Bir palatali Suriya Xalq kengashi yangilanish imkoniyati bilan 30 oy muddatga saylanadigan 210 a’zodan iborat bo‘ladi. Ularning uchdan bir qismini 2025 yilning yanvarida mamlakatning o‘tish davri hukumati davrida ish boshlagan prezident Ahmad ash-Shar’a tayinlaydi. Qolgan a’zolar ash-Shar’a tomonidan tayinlangan saylovchilar kollegiyasi tomonidan tuzilgan mintaqaviy qo‘mitalar tomonidan tanlanadi.

Shuningdek, iyul oyida darziylar va badaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan janubiy As-Suvayda viloyati, shuningdek, qisman kurdlarning Suriya demokratik kuchlari (SDK) tomonidan nazorat qilinadigan shimoli-sharqiy Hasaka viloyati va shimoliy Raqqa vakillari uchun 32 o‘rin bo‘sh qoldiriladi. O‘tish davri hukumatiga ko‘ra, mamlakatning 14 viloyatidan uchtasida saylovlar xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar tufayli qoldirilgan.

Saylovda qatnashish uchun jami 1578 kishi ro‘yxatdan o‘tgan, nomzodlarning atigi 14 foizini ayollar tashkil etadi. Ularga qo‘yiladigan talablar orasida Asadning «avvalgi tuzumi tarafdori» bo‘lmaslik, har qanday separatistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlamaslik ham bor.

Sentyabr oyida ash-Shar’a hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlar o‘tkazish mumkin emasligini aytdi. Buning sabablari orasida haqiqiy hujjatlarga ega bo‘lmagan ichki ko‘chirilganlar va xorijda yashayotgan suriyaliklarning ko‘pligi keltirildi. Shuning uchun qo‘mitalar va saylov kollegiyalari ovoz berdi, shunga bu Suriyada Asad rejimi ag‘darilganidan beri «bilvosita» birinchi saylovlar deb ataldi.

Ushbu saylov formati ba’zi suriyaliklarning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi, ularga ko‘ra saylov jarayoni ehtiyotkorlik bilan nazorat qilindi va yuzaki farsni ifodaladi. Biroq Qatarda joylashgan Arab Siyosat tadqiqotlari markazi tomonidan iyul o‘rtalari va avgust oylari o‘rtalarida o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan 4000 ga yaqin suriyalikning 57 foizi hozirgi siyosiy vaziyatni ijobiy deb hisoblagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid