Jamiyat | 18:47 / 07.10.2025
7571
9 daqiqa o‘qiladi

Depressiya, genetika yoki jamiyat bosimi: odamlarni suitsidga nima undaydi?

O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlari so‘nggi o‘n yilliklarda sezilarli darajada ortgani aytiladi. Masalan, 2022 yilga kelib maktab o‘quvchilari orasida suitsid 2-3 baravarga ko‘paygan. Bugun har 100 ming aholidan 8 nafari, ya’ni yiliga 3 mingdan ortiq kishi o‘z umriga o‘zi zomin bo‘lmoqda. Xalqaro tashkilotlar Markaziy Osiyo aholisining ruhiy salomatligi ham yildan yilga yomonlashib borayotgani haqida hisobotlar e’lon qilgan.

Xo‘sh, bu depressiyaning og‘ir ko‘rinishimi, jamiyat bosimi oqibatimi yoki genetik moyillik? Kun.uz studiyasida aynan shu mavzu muhokama qilindi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘z joniga qasd qilish tasodifiy yoki birdaniga amalga oshiriladigan qaror emas. U uzoq davom etgan ichki iztirob, ruhiy og‘riq va turli tashqi bosimlar natijasidir. Suitsidning sabablari ko‘p qatlamli bo‘lib, ular shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy omillar bilan chambarchas bog‘liq.

Avvalo, psixologik omillar eng asosiy sabab sifatida ko‘rsatiladi. Depressiya, psixika buzilishi, o‘zini qadrsiz his qilish, travmatik holatlar yoki bolalikdagi ruhiy jarohatlar insonni chuqur ichki bo‘shliqqa olib kiradi. Ayrimlar uchun bu holat vaqtinchalik tushkunlik bo‘lsa, boshqalar uchun undan chiqish yo‘li yo‘qdek tuyuladi. Mazkur jarayonda “Meni hech kim tushunmaydi”, “men kerak emasman”, “hayotimning ma’nosi yo‘q” kabi fikrlar inson ruhiyatini yemirib boradi.

Psixiatr Zebiniso Ahmedovaning aytishicha, xalqaro tadqiqotlarda bir oilada bir necha avlod davomida suitsid yoki og‘ir depressiya holatlari kuzatilgani qayd etilgan. Bu holat olimlarni suitsidga nisbatan “genetik moyillik” mavjudligi haqidagi gipotezani o‘rganishga undagan. Masalan, Yaponiyada suitsidga moyillikda genetika ta’siri taxminan 35–48 foizga tengligi aniqlangan.

Ilmda bunga sabab sifatida serotonin transporteri geni (5-HTTLPR) deb ataladigan genning ayrim variantlari tilga olinadi. Aynan shu gen miya faoliyatida muvozanatni saqlovchi serotonin moddasi darajasini boshqaradi. Agar bu gen faoliyati izdan chiqsa, insonda ruhiy beqarorlik, depressiyaga moyillik va o‘z joniga qasd qilish fikrlariga yaqinlashuv ehtimoli oshadi”, – deydi psixiatr.

Jamiyatshunos Mahmud Yo‘ldoshev fikricha, genlar inson hayot yo‘lini mutlaq belgilab bermaydi, aksincha bu jarayon “gen-muhitning o‘zaro ta’siri” deb ataladi. Ya’ni agar inson ruhiy kasalliklarga genetik moyil bo‘lsa ham, atrofida ijobiy muhit, sog‘lom oilaviy munosabatlar, psixologik yordam va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mavjud bo‘lsa, u suitsid fikridan yiroqlashishi mumkin. Stress, zo‘ravonlik, kamsitish va ijtimoiy bosim kuchli bo‘lgan sharoitda genetik omillar kuchayib, xavf real yuzaga keladi.

Inson ruhiyati faqat biologik yoki genetik tizim emas, balki ijtimoiy muhitning ham mahsuli hisoblanadi. Odam o‘zini qanday his qilishi, hayotdagi muammolarga qanday munosabatda bo‘lishi ko‘p jihatdan uning atrofida kimlar borligi va jamiyat unga qanday munosabat ko‘rsatishiga bog‘liq. Qo‘llab-quvvatlovchi, tinglovchi va tushunuvchi muhit ruhiy sog‘liqning eng muhim himoya omillaridan biri bo‘la oladi”, – deydi u.

Ruhiyatshunos, hayot murabbiyi (life-coach) Dilrabo Norqulova (DeeHanim)ning ta’kidlashicha, suitsidga genetikaga qaraganda psixologik va ijtimoiy omillarning ta’siri ustun. Mutaxassisning ma’lum qilishicha, xalqaro tadqiqotlarda o‘z joniga qasd qilish holatlarining 90 foizi ruhiy kasalliklar bilan bog‘liqligi tasdiqlangan.

Jamiyatimizda ruhiy muammolar haqida gapirishdan qo‘rquv bor. Hammasini ichiga yutishga o‘rganib, moslashib qolganmiz. Ko‘pchilik hanuzgacha “psixologga borish”ni zaiflik, “depressiya”ni esa irodasizlik deb biladi va ichki og‘rig‘ini yashiradi, yordam so‘rashdan tortinadi. Bu esa ruhiy tushkunlik xavfini yanada oshiradi. Suitsidning ildizi ko‘pincha ichki og‘riqni yashirish va uni atrofdagilar eshitmasligida bo‘ladi. Insonni tinglamaslik, unga “boshqalar sendan ham yomon yashayapti, chida” deb tasalli berish aslida odamni yanada chuqurroq iztirobga tushiradi”, – deydi u.

Ekspert Mahmud Yo‘ldoshev jamiyat ma’naviy salomatlikni jismoniy salomatlik bilan teng darajada qadrlamasa, ruhiy nosog‘lomlikka moyillik kuchayib borishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suitsidni kamaytirish uchun davlat darajasida psixologik yordam infratuzilmasini rivojlantirish bilan bir qatorda, oilalar va ta’lim muassasalarida emotsional savodxonlikni ham oshirish zarur.

Bolalarga kichik yoshdan o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etish, yordam so‘rash, xato qilishdan qo‘rqmaslik, o‘zini anglash madaniyatini o‘rgatish eng samarali yo‘llardan biridir”, – deydi u.

Ruhiyatshunos Dilrabo Norqulovaning aytishicha, oilaviy bosim, ota-onaning haddan tashqari yuqori talab va umidlari, jamiyatning “ideal” hayot standartlari, taqqoslash madaniyati insonni ichki inqirozga olib keladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi “mukammal hayot” tasvirlari ham ba’zida real hayot bilan mos kelmay, insonda “o‘zidan qoniqmaslik” tuyg‘usini kuchaytiradi.

Oilaviy muhit ham suitsid xavfini oshiruvchi omillardan biridir. Jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik, e’tiborsizlik, oilaviy nizolar, mehr yetishmasligi insonni yolg‘izlik va umidsizlikka olib keladi. Bolalik yoki o‘smirlik davrida mehrsiz muhitda o‘sganlar kattalikda ruhiy barqarorlikni yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari, qaynona-kelin munosabatlaridagi kelishmovchiliklar, er-xotin o‘rtasida sovuq munosabatlar ham o‘z joniga qasd qilishga moyillikni oshiradi”, – deydi ruhiyatshunos.

Jamiyatshunosga ko‘ra, muammoga iqtisodiy omillar ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ishsizlik, moliyaviy qiyinchilik, qarz bosimi, oila boqish mas’uliyati ruhiy tazyiqni oshiradi.

Ayniqsa, erkaklar orasida iqtisodiy bosim kuchli bo‘lib, jamiyat ularni doimo “ta’minlovchi” sifatida ko‘radi. Bu rolga javob bera olmaslik hissi o‘zini ayblashni kuchaytiradi”, – deydi u.

Psixolog Zebiniso Ahmedova fikricha, mazkur jarayonda axborot oqimi ham muhim rol o‘ynaydi. Internetda suitsid mavzusining noto‘g‘ri yoritilishi, “romantiklashtirilgan” kontentlar, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z joniga qasdni “qahramonlik” sifatida talqin qiluvchi postlar yoshlar ongiga salbiy ta’sir qiladi.

Suitsidning oldini olishda eng muhim omil eshitish va e’tibor berish madaniyatini shakllantirish hisoblanadi. Ruhiy og‘riqda yurgan odam ko‘pincha to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam so‘ramaydi, lekin uning harakati, so‘zi, holati signal beradi. Afsuski, ko‘p hollarda bu signallar e’tiborsiz qoladi. Jamiyatda “psixologga borish — zaiflik belgisi” degan stereotip mavjud, ammo aslida bu aksincha, insonning o‘zini tushunish va sog‘lom qolishga bo‘lgan harakatidir”, – deydi u.

Suhbat davomida ekspertlar suitsidning oldini olish uchun o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan tushunchalar, xususan, jamiyatda shakllangan noto‘g‘ri qarashlar, oilaviy munosabatlarda e’tibor berilishi kerak bo‘lgan jihatlar hamda bolaga sog‘lom tarbiya berish bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Jurnalistlar: Shohrux Majidzoda, Diyoraxon Nabijonova
Operator: Abduqodir To‘lqinov
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid