Jahon | 19:51 / 07.10.2025
5805
3 daqiqa o‘qiladi

Fizika bo‘yicha 2025 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

Amerikalik olimlar Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinis «elektr zanjirida makroskopik kvant-mexanik tunnellashni va energiyani kvantlashni kashf etgani uchun» 2025 yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.

Jon Klark (Berklidagi Kaliforniya universiteti, AQSh), Mishel Devore (Yyel universiteti, AQSh) va Jon Martinis (Santa-Barbardagi Kaliforniya universiteti, AQSh) «elektr zanjirida makroskopik kvant-mexanik tunnellashtirish va energiyani kvantlashni kashf etgani uchun» fizika bo‘yicha 2025 yilgi Nobel mukofoti laureatlari bo‘ldi.

«Laureatlar bir qator tajribalar o‘tkazib, kvant olamining g‘aroyib xususiyatlarini inson qo‘liga sig‘adigan darajadagi katta tizimda namoyon etish mumkinligini ko‘rsatib berdi», deya ta’kidladi Nobel qo‘mitasi.

«Kompyuter mikrochiplaridagi tranzistorlar bizni o‘rab turgan kvant texnologiyasining namunalaridan biridir. Bu yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti kvant texnologiyalarining keyingi avlodini, jumladan, kvant kriptografiyasi, kvant kompyuterlari va kvant datchiklarini ishlab chiqish imkoniyatlarini ochib berdi», deyiladi qo‘mita press-relizida.

6 oktyabr kuni Meri Brunkou, Fred Ramsdell va Shimon Sakaguchiga fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari bo‘lishgandi. Ular «periferik immunologik tolerantlik bo‘yicha kashfiyotlar uchun» taqdirlandi.

Nobel jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, laureatlar umumiy 11 million shved kroni (1,18 mln AQSh dollari) miqdoridagi mukofotni bo‘lib olishadi. Taqdirlash marosimi an’anaga ko‘ra, 10 dekabr kuni, Alfred Nobel vafot etgan sanada Stokholm va Osloda bo‘lib o‘tadi.

Nobel haftaligi jadvaliga ko‘ra, 8 oktyabr kuni kimyo bo‘yicha, 9 oktyabr kuni adabiyot sohasi bo‘yicha, 10 oktyabr kuni esa tinchlik va inson huquqlari sohasidagi yutuqlar uchun mukofotlar e’lon qilinadi. 13 oktyabr kuni esa iqtisodiyot bo‘yicha Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan mukofot sohibi aniqlanadi.

Mavzuga oid