O‘zbekiston | 20:30 / 07.10.2025
2624
4 daqiqa o‘qiladi

Senatda gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi muhokama qilindi

Tanzila Norboyeva raisligida o‘tgan majlisda 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi, gender tenglikka erishish strategiyasini 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish masalasi, 25 noyabrdan 10 dekabrgacha o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun» xalqaro aksiyasini samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Oliy Majlis Senati

7 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatida xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni komissiya raisi, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Majlisda 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi ijro etilishi muhokama qilindi.

Senat raisi ta’kidlaganidek, davlat rahbari boshchiligida mamlakatda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning manfaatini himoya qilishning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yo‘lida muhim choralar ko‘rilmoqda. Ushbu yo‘nalishda 200 dan ortiq kompleks chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilib, natijada xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi sezilarli darajada mustahkamlandi.

Jumladan, oliy ta’limning bakalavr bosqichida xotin-qizlar ulushi 38 foizdan 53 foizgacha o‘sdi. Magistratura bosqichida bu ko‘rsatkich 34 foizdan 66 foizgacha ko‘tarildi. Doktoranturada ta’lim olayotgan xotin-qizlar soni esa 584 nafardan 4 129 nafarga yetdi.

Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarida ham ayollarning faolligi ortib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan ayollar soni 69 ming nafardan 262 ming nafargacha ko‘paydi.

Siyosiy sohada xotin-qizlarning ulushi sezilarli darajada oshdi. Xususan, siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 30 foizdan 41 foizga yetdi, parlamentdagi ulushi esa 16,4 foizdan 34 foizgacha ortdi.

Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan «Parlamentdagi ayollar» reytingida O‘zbekiston 193 ta mamlakat orasida 130-o‘rindan 38-o‘ringa (92 pog‘ona) ko‘tarildi. Jahon bankining gender tenglik sohasidagi so‘nggi hisobotida O‘zbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga mos keladigan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish, ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish orqali ularning bandligini ta’minlash, zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining oldini olish hamda boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, majlis davomida mutasaddilarga Gender tenglikka erishish strategiyasini 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mazkur dasturda davlat fuqarolik xizmatida va milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar ulushini oshirish, ta’lim hamda informatsion texnologiya sohalarida xotin-qizlar ishtirokini oshirish, ularning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratish vazifasi belgilandi.

Shu bilan birga, majlisda joriy yilning 25 noyabridan 10 dekabrigacha o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun» xalqaro aksiyasini samarali tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. Aksiya doirasida aholi o‘rtasida zo‘ravonlikka qarshi kurashish, gender tenglikni targ‘ib qilish va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli axborot-tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Majlisda respublika va mahalliy ijro organlari mutasaddilarining axboroti eshitilib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid