Jahon | 14:09 / 07.10.2025
2688
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya Fitso davrida Ukrainaga birinchi yordam paketini taqdim etadi

Slovakiya va Ukraina mudofaa vazirlari Kiyevda kelishuv imzoladi, unga ko‘ra Bratislava Kiyevga yangi yordam paketini taqdim etadi. U turli «o‘limga olib kelmaydigan» jihozlarni o‘z ichiga oladi.

Foto: Telegram / Denys_Smyhal/11672

Robert Fitso 2023 yil oktyabr oyida bosh vazir lavozimiga qaytganidan so‘ng Slovakiya Ukrainaga birinchi harbiy yordam paketini taqdim etdi. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri Denis Shmixal 6 oktyabr, dushanba kuni Telegramʼdagi kanalida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Slovakiya bosh vazir o‘rinbosari va mudofaa vaziri Robert Kalinak bilan imzolangan kelishuvga ko‘ra, Ukraina turli noharbiy jihozlarni bepul oladi. Xususan, minadan tozalash uchun beshta Bozena avtomobili, muhandislik-qurilish texnikasi, tibbiy evakuatsiya uskunalari yetkazib beriladi.

Shmixalning ta’kidlashicha, Slovakiya allaqachon Ukraina uchun yangi, o‘n beshinchi qo‘llab-quvvatlash paketi ustida ish boshlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar Ukraina va Slovakiya kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qilgan. Shartnoma imzolanishini izohlar ekan, Kalinak Kiyevda Shmixal bilan «mudofaa sohasida allaqachon keng bo‘lgan hamkorlikni» kengaytirishni muhokama qilishni rejalashtirayotganini aytdi.

2022 yil 24 fevralda keng ko‘lamli urush boshlanganidan boshlab, Fitso 2023 yil oktyabr oyida Slovakiya bosh vaziri lavozimiga qaytguniga qadar mamlakat Ukrainaga umumiy qiymati 671 million yevro bo‘lgan 13 ta harbiy yordam paketini taqdim etdi.

2023 yil noyabr oyida Fitso tomonidan tuzilgan hukumat 40 million yevroga teng bo‘lgan rejalashtirilgan 14-paketni bekor qildi. Bunga, masalan, "Kub" zenit-raketa tizimlari uchun 140 ta raketa, 5000 dan ortiq artilleriya o‘q-dorilari va to‘rt million o‘q-dorilar kirgan. Ukrainaga yordamni to‘xtatish Fitsoning saylovoldi va’dalaridan biri edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid