O‘zbekiston | 14:17 / 07.10.2025
5665
4 daqiqa o‘qiladi

“Yuksalish” harakati: Bojlar yordamida monopoliya yaratmaslik kerak

Xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar shaxsiy ehtiyoji uchun olib kelayotgan iPhone'lari uchun boj to‘lashga majburlanayotgani haqidagi muhokamalar ortidan, “Yuksalish” umummilliy harakati dadil bayonot bilan chiqib, qator takliflarni ilgari surdi. Harakat pozitsiyasiga ko‘ra, bojlar va limitlar qonun bilan belgilanishi hamda monopoliya yaratish quroliga aylanmasligi kerak.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

“Yuksalish” umummilliy harakati jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga shaxsiy foydalanish uchun bojsiz tovar olib kirish limitlari pasaytirilganini tanqid qilib, bu borada qator takliflarni ilgari surdi.

“Boj to‘lovlari monopoliyaga sabab bo‘lmasligi kerak”, deyiladi harakat tarqatgan bayonot sarlavhasida.

Ma’lumki, 2025 yil 1 maydan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha yangi bojsiz normalar kuchga kirdi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun limit quyidagicha belgilangan: havo transporti orqali kelishda – 1000 dollar, temiryo‘l va daryo transportida – 500 dollar, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida – 300 dollar, xalqaro kurerlik jo‘natmalarida – 200 dollar, pochta orqali esa – 100 dollar.

“Yuksalish” harakatiga ko‘ra, bu me’yorlar amalda fuqarolarga qo‘shimcha moliyaviy xarajat yuklayapti, qolaversa, bozordagi raqobatga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

“Bojxona to‘lovlari monopoliya xavfini kuchaytirmoqda. O‘zbekistonda rasmiy distribyutori bo‘lmagan tovarlarni, tabiiyki, fuqarolar chetdan olib kelishga majbur. Ammo, 30 foizlik boj bu tovarlarni sun’iy qimmatlashtirib, iste’molchi tanlovining cheklanishi va yirik importchilarning mavqeyi mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.

Natijada, raqobat pasayishi, narxlar oshib, tovarlar sifati yomonlashishi va kichik hamda o‘rta tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlari cheklanishi mumkin. Buning oqibatida iste’molchilar tanlov huquqidan mahrum bo‘ladi va sog‘lom bozor rivojlanishi to‘xtaydi.

Shuning uchun yashirin iqtisodiyotga qarshi boshqacha, samarali hamda inson huquqlariga daxl qilmaydigan mexanizmlar haqida o‘ylash maqsadga muvofiq”, – deyiladi harakat 7 oktyabr kuni e’lon qilgan bayonotda.

Yuqoridagi muammolarga yechim sifatida, “Yuksalish” quyidagilarni taklif qildi:

  • jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘llanadigan boj to‘lovlari, limitlar va stavkalar faqat qonun darajasida belgilanishi lozim;
  • tijorat maqsadidagi importni shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlardan aniq ajratish mexanizmini ishlab chiqqan holda, normadan oshgan qismiga nisbatan 30 foiz o‘rniga pastroq, mutanosib va progressiv stavkalarni qo‘llash;
  • bojxona tariflarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash ko‘rinishida monopoliyani shakllantirish vositasi emas, balki faqat haqiqiy kontrabandaga qarshi kurash hamda raqobatni rivojlantirish vositasi sifatida qo‘llash;
  • ichki bozorda yetarlicha raqobat shakllanmagan tovarlar uchun import shartlarini yengillashtirish;
  • ro‘yxatga olish jarayonini soddalashtirish va boj to‘lovi talab qilinmagan hollarda (masalan, 1-2 dona shaxsiy qurilma) UzIMEI orqali ro‘yxatga olishni bepul qilish.

“Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, shaxsiy tovarlarga yuqori bojlar qo‘yish – oddiy fuqarolarning mulk huquqiga zarar yetkazadi. Boj siyosati adolatli va iqtisodiy erkinlikni qo‘llab-quvvatlovchi bo‘lishi kerak”, – deya xulosa qildi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov.

  • Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga asoslanib, Kun.uz bajarib ko‘rgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Dubaydan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoji uchun iPhone 17 Pro Max 512 smartfonini olib kirayotgan fuqarolar davlat boji, bojxona yig‘imi va IMEI-registratsiyasi uchun jami 2,5 mln so‘mdan ortiq xarajat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Mavzuga oid