Jamiyat | 16:39 / 08.10.2025
33545
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘mir uchun kurash: Boysunda ko‘mir tarqatish punktida talato‘p yuzaga keldi

Tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida ko‘mir uchun yuzaga kelgan navbat va buning oqibatida yuz bergan talato‘p aks etgan video tarqaldi.

Foto: Videodan kadr

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tabiiy gaz yetib bormagan olis hududlarda yashovchi aholiga ko‘mir yetkazib berishda muammolar borligi aytilmoqda. Kun.uz'ga bu borada murojaat kelib tushdi.

Unda ta’kidlanishicha, videodagi talato‘p “ko‘mir vaqtida yetkazib berilmagani” ortidan vujudga kelgan. Ta’kidlanishicha, ko‘mir Angren shahridan olib kelinadi, biroq u vaqtida kelmagani uchun navbatlar paydo bo‘lgan.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Kun.uz (@kun.uz)

“Sovuq kunlar yaqin, odamlar sarosimada. Boysun tumanida ko‘p joylarga gaz yetib bormagan. Shuning hisobiga odamlar qishni ko‘mir bilan o‘tkazadi. 

Haftasiga 3-4 vagon keladi. Aholi ko‘p, bu yetmayapti. Aslida mas’ullar bu ishlarni oldinroq — yoz oylarida qilishi kerak edi.

O‘tgan yili shunday holatda ko‘mir talashib, bir-birini ketmon bilan urganlar bor”, — deyiladi murojaatda.

Hozircha tuman va viloyat rasmiylari mazkur holatga izoh bergani yo‘q.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi eng yirik ikkinchi ko‘mir koni — Sharg‘un Surxondaryo viloyatida joylashgan. Uning zaxirasi 36 mln tonna ekanligi aytiladi.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev respublikada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aholiga omborlardagi 27 ming tonna tarqatilmay qolgan ko‘mirni tarqatish haqida topshiriq bergandi. Shuningdek, davlat rahbari ma’sullarga kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 330 ming tonna suyultirilgan gazni to‘liq yetkazishni topshirgandi.

Mavzuga oid