O‘zbekiston | 10:05 / 08.10.2025
2593
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga 1200 ta elektrobus va avtobuslar olib kelinadi

2026 yil yakunigacha Toshkent shahriga 1200 ta elektrobus va turli sig‘imdagi avtobuslar olib kelinadi. Bu haqda Transport vazirligi senator so‘roviga javoban ma’lumot berdi.

Foto: Transport vazirligi

Joriy yil oktyabr oyida “Toshshahartransxizmat” AJga 200 ta yangi 12 metrli elektrobuslar keltirilishi rejalashtirilgan. Poytaxtda qo‘shimcha to‘rtta yangi avtobus yo‘nalishini tashkil etiladi.

2026 yilda Toshkent shahri uchun qo‘shimcha mingta yangi avtobus sotib olinishi ko‘zda tutilgan. Ulardan 30 tasi o‘ta katta sig‘imli (18 metr), 500 tasi katta sig‘imli (12 metr), 470 tasi o‘rta sig‘imli (9 metr) bo‘lgan zamonaviy avtobus va elektrobuslar bo‘ladi.

Mazkur avtobuslar Toshkent shahri yo‘nalishlari tarmog‘i, aholi punktlari va yangi turar joy obektlaridan kelib chiqqan holda 48 ta yo‘nalishda brutto-shartnoma asosida harakatlanishi ta’minlanadi. 

Toshkent shahriga kelishi kutilayotgan yangi avtobuslar va elektrobuslar uchun uchta zamonaviy avtosaroyni yo‘nalishlar kesimida nolinchi masofaga yaqin bo‘lgan (Yangi Toshkent) yer maydonlaridan ajratish rejalashtirilgan. Yuqoridagi maqsadlar amalga oshishi natijasida Toshkent shahrida jami 2 891 ta avtobus harakatlanadi, o‘rtacha qatnov davomiyligi o‘rtacha 30 daqiqani, yillik tashiladigan yo‘lovchilar 750 million nafarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, poytaxtda turizm ko‘chalarini bog‘lovchi tungi vaqtda harakatlanadigan jamoat transporti yo‘lga qo‘yiladi. Turizm ko‘chalari orqali 15 ta tungi avtobus yo‘nalishi tashkil etilib, shaharning aeroport, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, savdo va ko‘ngilochar markazlari, yirik ish joylari, talabalar yotoqxonasi va shifoxonalar orqali harakatlanadi. 

Turizm yo‘nalishlarining ish tartibi kechki 22:00 dan 06:00 gacha bo‘lib, jami 54 ta avtobus harakatlanishi rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid