Jahon | 15:46 / 09.10.2025
5658
3 daqiqa o‘qiladi

Andrey Babish: Chexiya Ukrainaga qurol uchun bir krona ham bermaydi

Partiyasi mamlakatdagi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan chex o‘ng populistlari yetakchisi Andrey Babish Rossiya tajovuzini qaytarishda Ukrainaga harbiy yordam yukini Chexiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa Ittifoqiga yuklashga chaqirdi.

Foto: MARTIN DIVISEK | EPA

Agar «Norozi fuqarolar aksiyasi» (ANO) partiyasi Chexiya parlamenti quyi palatasida hukmron koalitsiyani tuzishga muvaffaq bo‘lsa, unda mamlakat budjetidan Ukrainaga harbiy yordam uchun mablag‘ ajratish to‘xtatiladi. Bu haqda 8 oktyabr, chorshanba kuni Pragada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida partiya yetakchisi, milliarder Andrey Babish ma’lum qildi, deb xabar beradi České Noviny.

Babishning so‘zlariga ko‘ra, Chexiya allaqachon Yevropa Ittifoqi budjetiga «60 milliard» hissa qo‘shyapti, bu Ukrainaga urushda yordam beradi. «Biz Ukrainaga qurol-yarog‘ uchun bir krona ham (budjetdan) bermaymiz», — deya siyosatchi so‘zlarini keltiradi České Noviny. «Chexiya uchun pulimiz yo‘q. O‘ylaymanki, biz Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berdik, endi ularga Yevropa Ittifoqi orqali yordam beriladi».

Andrey Babish, shuningdek, Chexiyaning Ukraina armiyasi uchun snaryadlar va o‘q-dorilar sotib olish tashabbusini to‘xtatishga yana bir bor va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbusning o‘zi «oddiy», lekin uni mudofaa ittifoqi sifatida bevosita NATOga a’zo davlatlar hal qilishi kerak.

Siyosatchi, shuningdek, Ukraina uchun snaryadlar sotib olish jarayoni shaffof emasligini va xususiy kompaniya undan «o‘n milliardlab daromad olganini» da’vo qildi. Babish boshqa tafsilotlarni keltirmadi.

OAV xabarlariga ko‘ra, 2024 yilda Ukraina «Chexiya tashabbusi» doirasida 1,5 million, 2025 yilda esa 1,1 million artilleriya snaryadlari olgan. Umuman olganda, tashabbus Kiyevning ittifoqchilari tomonidan moliyalashtirilgan Ukraina Qurolli kuchlari uchun 3,5 million artilleriya snaryadlarini sotib olishni qoplashga qaratilgan. Avvalroq Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyning tushuntirishicha, mamlakat bu tashabbusni aynan NATOda buning uchun zarur apparat yo‘qligi sababli o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid