Ayollar dunyosi | 15:44 / 09.10.2025
3943
3 daqiqa o‘qiladi

Ayolga oltin sovg‘a qilish - bu faqat hadya emas, kelajakka investitsiya

Gul, atir va yuvelir ziynatlar - hozirgi lahza uchun. Ammo oltin quyma - ayolning ertangi kuni uchun qiymatli kafolat.

Foto: Markaziy bank

Sovg‘a tanlash — erkak uchun doim sinov. Chunki har bir ayol kerakli sovg‘a istaydi. Bugun esa sovg‘adagi qimmat emas, balki ma’no va foydali g‘amxo‘rlik qadrlanadi. Shuning uchun dunyoda tobora ko‘proq erkaklar ayollariga oltin quyma (lom oltin) hadya qilishni odatga aylantira boshladi.

Nega aynan oltin quyma?

  1. Qiymati vaqt o‘tishi bilan ortadi. Bu — har qanday inflatsiyaga qarshi kafolat. Agar yuvelir taqinchoq qayta sotilsa, olinganiga nisbatan ancha arzon sotiladi, lekin lom oltin — tozaligi bilan qimmatini saqlaydi.
  2. Oltin — ayol uchun nafaqat bezak, balki kelajak kafolatidan dalolat.
  3. Avloddan-avlodga o‘tuvchi sarmoya ham hisoblanadi. Bugun turmush o‘rtog‘ingizga bergan quyma oltin — ertangi kunda qizingiz yoki nevarangiz uchun moliyaviy kafolat bo‘lishi mumkin.

Quyma — ayol qo‘lidagi “hayot zaxirasi”

Har bir ayolda “ehtiyot jamg‘armasi” bo‘lishi lozim, ayniqsa u oilada turmush, bolalar, uy vazifalari bilan band bo‘lsa. Oltin quyma — bu uning ijtimoiy va moliyaviy himoyasi, kerak paytda jismonan yordam beruvchi aktiv sanaladi.

9 oktyabr holatiga ko‘ra Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 5 gramm oltin narxi 8 043 000 so‘mni tashkil qiladi. Bank tomonidan oltinlar 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan oltin quymalari taklif etilgan. Bu quymalar 999,9 probada bo‘ladi.

Quyma oltinni qayerdan olish mumkin?

Bugun ko‘plab bank va rasmiy dilerlar turlicha og‘irlikdagi quymalarni taklif etmoqda. Ular maxsus sertifikat bilan beriladi va onlayn tarzda ham sotib olish mumkin. Uni istasangiz o‘z yoningizda, istasangiz bank hisobida saqlashingiz mumkin. Bordi-yu qachondir siz uni sotishni reja qilsangiz bank o‘sha paytdagi tilla narxida sotib oladi va sizga pul beriladi. Bugungi kunda tilla narxining oshib borish tendensiyasida oltin xaridi samarali investitsiya bo‘lib qolmoqda. Masalan, 2025 yil boshidan beri shu kunga qadar oltin 38,7 foizga qimmatlashdi.

Shuningdek, ayrim erkaklar har oyda kichik miqdorda oltin olib, ayolining shaxsiy “oltin jamg‘armasi”ni to‘plab borishni tanlamoqda. Bu nafaqat sevgi va himoya ramzi, balki haqiqiy oilaviy investitsiya.

Ayolga berilgan har bir sovg‘a vaqt bilan o‘z qadrini yo‘qotadi. Faqat oltin vaqt o‘tishi bilan yanada qimmatlashadi.

Demak, bu — nafaqat muhabbat, balki mas’uliyat bilan berilgan eng oqilona sovg‘a.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid