Jamiyat | 21:02 / 09.10.2025
5028
1 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda PPX xizmat mashinasi “avariya”ga sababchi bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida patrul-post xizmati avtomobili boshqa mashinalar bilan to‘qnashgani aks etgan videolavha tarqaldi. Tasvirlarda xizmat mashinasining old qismi qattiq shikastlanganini ko‘rish mumkin. Holat bo‘yicha Samarqand viloyati IIB axborot xizmati izoh berdi.

Foto: Videodan kadr

IIBga ko‘ra, joriy yilning 9 oktyabr kuni soat 14:15 larda IIB Patrul-post xizmati bataloni inspektori boshqaruvidagi “Nexia-3” rusumli xizmat avtomobili Samarqand shahri, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanish vaqtida “Damas” rusumli mashina orqa qismiga borib urilgan.

Zarba ta’sirida “Damas” oldida to‘xtab turgan “Damas-2” va “Lacetti” avtomashinalari bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.

Hodisa natijasida “Nexia-3” xizmat avtomobilida bo‘lgan inspektor hamda “Damas” haydovchisi yaralanib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ambulator tarzda javob berilgan. Barcha haydovchilar hodisa vaqtida hushyor holatda bo‘lgan.

Hozirda voqea bo‘yicha Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid