Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hislarni boshqarish san’ati: emotsional intellekt nima va qanchalik muhim?
Hayotimizdagi muvaffaqiyat faqat bilim va malakaga bog‘liq emas. Ish joyi, oila yoki do‘stlar bilan muloqotda yetakchilikka erishishda emotsional intellekt (EI) ham muhim rol o‘ynaydi. Mazkur maqolada uning nima ekani va ushbu qobiliyat orqali qanday natijalarga erishish mumkinligi haqida so‘z boradi.
Foto: iStock
Emotsional intellekt insonning o‘z hissiyotlarini anglash, ularni boshqarish va boshqalarning his-tuyg‘ularini to‘g‘ri tushunish qobiliyatidir. Oddiy qilib aytganda, bu – hislar yordamida to‘g‘ri fikrlash va qaror qabul qilish san’ati. Yuqori emotsional intellektga ega inson o‘z kayfiyatini boshqara oladi, stressni yengadi va boshqalar bilan sog‘lom munosabat o‘rnatadi.
Anglash
Shaxsiyatni idrok etish emotsional intellektning eng muhim jihatlaridan biridir. Mazkur ko‘nikma insonning o‘z his-tuyg‘ularini tanib olish, ularning sababini tushunish va nazorat ostida ushlay olish qobiliyatini ifodalaydi. O‘zini anglay olgan inson nima uchun xafa bo‘layotganini, nimadan jahli chiqayotganini yoki qaysi holatlarda o‘zini yomon his qilayotganini biladi. U shunchaki his-tuyg‘ular oqimida harakatlanmaydi, balki ularni kuzatadi, tahlil qiladi va ongli ravishda boshqaradi.
Masalan, emotsional intellekti yuqori inson stressga tushganda yoki tanqid eshitganda darrov javob qaytarmaydi. U biroz jim turadi, nafasini rostlaydi va vaziyatni vazminlik bilan baholaydi. Shu tariqa, u salbiy his-tuyg‘ularni o‘ziga zarar yetkazmaydigan shaklda ifoda etadi. Ushbu odat nafaqat ish jarayonida, balki shaxsiy hayotda ham muhim ahamiyatga ega. Ish joyida bunday insonlar muammolarga bosiqlik bilan yondashadi, ziddiyatli vaziyatlarda muloqotni davom ettira oladi va to‘g‘ri qaror qabul qiladi. Shaxsiy hayotda esa u o‘z his-tuyg‘ularini so‘z bilan ifodalab, nizo hamda tushunmovchiliklarning oldini oladi.
Boshqarish
Hissiyotlarni boshqarish ularni yo‘qotishni anglatmaydi, aslida tuyg‘ularni to‘g‘ri yo‘naltirish hisoblanadi. Inson g‘azabni ijodiy energiyaga aylantirishi, hafsalasizlikni sabr va qat’iyatga aylantirishi mumkin. Bu jarayon uchun o‘z-o‘zini kuzatish, vaziyatda ongli yondashuv bilan chiqish, vazminlik bilan fikrlash kabi oddiy mashqlar katta yordam beradi. Shuningdek, kundalik hayotda o‘z his-tuyg‘ularingizni yozib borish, ya’ni “hissiyot kundaligi” yuritish ham foydali. Ushbu mashq ichki dunyoingizni yaxshiroq tushunishga qo‘maklashadi.
Demak, o‘zini anglash va hissiyotlarni boshqarish — bu insonning o‘zini tarbiyalash jarayoni. Kim o‘z his-tuyg‘ularini tanib, ularni boshqarishni o‘rgansa, u nafaqat ruhiy jihatdan barqaror, balki ijtimoiy jihatdan ham yetuk shaxsga aylanadi. Bunday insonlar boshqalar bilan munosabatda muvozanatni saqlaydi, mojarolarga aql bilan yondashadi va hayotdagi murakkab holatlarni tinch usulda yenga oladi.
Samarali muloqot
Inson boshqalarning his-tuyg‘ularini to‘g‘ri anglay olgan vaqt suhbatdoshining so‘zlaridangina emas, balki ohangi, tana tili, yuz ifodasi va kayfiyati orqali ham ma’lumot oladi. Bu esa muloqotni yanada samimiy, ishonchli va mazmunli qiladi. Masalan, rahbar emotsional intellekti yuqori bo‘lsa, u jamoasidagi kayfiyatni sezadi, stress yoki tushkunlikni payqaydi va buning sababini bilishga harakat qiladi. U faqat buyruq beruvchi emas, eshituvchi va tushunuvchi yetakchiga aylanadi. Natijada jamoada iliq muhit, o‘zaro hurmat va ishonch paydo bo‘ladi, bu esa mehnat unumdorligining oshishiga olib keladi.
Shuningdek, kundalik hayotda ham emotsional intellekt muloqotni yaxshilaydi. Do‘stlar, turmush o‘rtoqlar yoki hamkasblar o‘rtasida tushunmovchiliklar, asosan, bir-birining hissiyotlarini inobatga olmaslikdan kelib chiqadi. Shaxs yonidagi hamrohining kayfiyatiga diqqat bilan e’tibor bersa, nizolarni oson bartaraf eta oladi, muammolarni muloqot orqali hal qiladi.
Samarali muloqot so‘zlashuvning o‘zigina emas, balki his qilish, tinglash va to‘g‘ri javob qaytarish san’atidir. Emotsional intellekti rivojlangan shaxs har qanday suhbatda empatiya, sabr va ijobiy munosabatni shakllantira oladi.
Ruhiy barqarorlik
Inson hayotda stress, g‘azab, xavotir kabi hissiyotlarga duch kelishi tabiiy holat. Bu jarayonda muhim jihat ularni qanday boshqarishimizda. Stress paytida organizmda kortizol va adrenalin kabi gormonlar ajraladi. Bu moddalarning ko‘payishi yurak urishini tezlashtiradi, qon bosimini oshiradi va immun tizimini zaiflashtiradi. Agar inson doimo asabiy yoki siqilgan holatda yashasa, bu holat asta-sekin yurak-qon tomir kasalliklari, uyqusizlik yoki depressiyaga olib kelishi mumkin.
Ammo emotsional intellekti rivojlangan, ya’ni hissiyotlarini boshqara oladigan inson bu jarayonni tormozlay oladi. U o‘zida stress belgilari paydo bo‘lganini erta sezadi, chuqur nafas olish, sokin joyda hordiq chiqarish yoki suhbat orqali bosimni kamaytiradi. Natijada tanadagi stress gormonlari pasayadi, yurak ritmi me’yorlashadi va kayfiyat yaxshilanadi.
Ruhiy barqarorlik faqat tinchlik emas, sog‘lom tananing asosi hamdir. Demak, hissiyotlarni boshqarish uchun mazkur ko‘nikmalarni rivojlantirish muhim:
- his-tuyg‘ularni tan olish va ularni yashirmaslik,
- har kuni qisqa dam olish va nafas mashqlarini bajarish,
- o‘zini tushunishga yordam beradigan suhbatlar o‘tkazish yoki yozuvlar yozish;
- muntazam jismoniy faollikni saqlash tavsiya etiladi.
EI’ni rivojlantirish uchun nima qilish kerak?
Quyidagi oddiy, lekin samarali usullar bunga yordam beradi:
- O‘zingizni tinglang.
- Kun davomida o‘zingizni qanday his qilayotganingizni kuzating. Nima sizni xafa qiladi, nima quvontiradi? Hissiyotlarni tan olish — ularni boshqarishning birinchi qadami.
- Sababni aniqlang.
- Har bir hissiyotning sababi bor. Masalan, asabiylashganingizda bu charchoq, ochlik yoki noaniqlikdan kelib chiqayotganini tushunishga harakat qiling.
- Boshqalarni tinglashni o‘rganing.
- Suhbatda faqat javob haqida o‘ylamang, suhbatdoshni diqqat bilan tinglang. Bu empatiyani, ya’ni boshqalarni his qilish qobiliyatini kuchaytiradi.
- Stressni boshqarishni mashq qiling.
- Nafas olish mashqlari, yurish, sport, meditatsiya yoki sevimli mashg‘ulotlar hissiyotlarni tinchlantiradi.
- O‘zingizga nisbatan muloyim bo‘ling.
- Har kim xato qiladi. O‘zingizni tanqid qilish o‘rniga, tajribalardan saboq oling — bu o‘zini anglashni chuqurlashtiradi.
- Fikr-mulohazani qabul qiling. Boshqalar siz haqingizda nima deb o‘ylashini bilish — o‘sish imkoniyatidir. Tanqidni tosh sifatida emas, o‘zgarish uchun turtki sifatida qabul qiling.
Xulosa qilib aytganda, emotsional intellektni rivojlantirish — bu doimiy o‘z ustida ishlash, sabr va kuzatuvchanlikni talab qiladigan jarayon. Shu yo‘l bilan inson o‘zini ham, atrofidagilarni ham yaxshiroq tushuna boshlaydi. Bundan tashqari, emotsional intellektni shakllantirish insonga hayotning turli sohalarida foyda keltiradi: ish joyida stressli vaziyatlarni boshqarish, samarali qarorlar qabul qilish va jamoada ishonchli aloqalarni o‘rnatishga yordam beradi. Oilaviy va do‘stona munosabatlarda esa nizolarni kamaytiradi, mehr-muhabbatni oshiradi.
O‘zini anglay oladigan va hissiyotlarini boshqaradigan inson nafaqat ruhiy barqarorlikka erishadi, balki sog‘lom jismoniy holatni saqlash, stress gormonlarini kamaytirish va yurak-qon tomir tizimini himoya qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Diyoraxon Nabijonova
Mavzuga oid
17:09 / 04.12.2025
Yo‘talni dorilarsiz ketkazish mumkinmi?
01:36 / 01.12.2025
Yurak uchun eng foydali mahsulotlar aytildi
18:41 / 27.11.2025
Diabetga chalingan odamlarning 40 foizgacha qismida buyrak kasalligi rivojlanadi – Mayo clinic
23:31 / 26.11.2025