Jahon | 11:51 / 10.10.2025
6305
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dronlari Rossiya janubidagi eng yirik gaz zavodiga hujum qildi

Volgograd viloyatidagi yonilg‘i-energetika obektlari uchuvchisiz uchoqlar hujumidan so‘ng yonib ketdi, deya ma’lum qildi gubernator. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, «Lukoyl» va «Transneft» obektlari zarar ko‘rgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ukraina uchuvchisiz uchoqlari 9 oktyabr, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Volgograd viloyatiga yirik hujum uyushtirdi. Gubernator Andrey Bocharovning so‘zlariga ko‘ra, Kotovskiy tumanidagi yonilg‘i-energetika obektlarida urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlar qoldiqlari natijasida yong‘inlar sodir bo‘lgan. «O‘t o‘chiruvchilar tezda yetib keldi va yong‘inlarni o‘chirmoqda», — deb yozdi u Telegramʼda qaysi korxonalar zarar ko‘rganiga aniqlik kiritmasdan.

Mahalliy aholi Astra'ga «Lukoyl»ga qarashli Korobkovskiy gazni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqani haqida xabar bergan. U Rossiyaning Janubiy federal okrugida tabiiy gazni eng yirik qayta ishlovchisi hisoblanadi.

NASA monitoring ma’lumotlari yong‘inni tasdiqlaydi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar, shuningdek, "Transneft-Privolga" AJ infratuzilmasiga kiruvchi "Yefimovka" neft nasos stansiyasi yonib ketganini ko‘rsatadi.

Rossiya Mudofaa vazirligi bir kechada Ukrainaning 19 ta uchuvchisiz uchog‘i, ulardan to‘qqiztasi Volgograd viloyati osmonida urib tushirilganini ma’lum qildi.

Avgust oyi boshidan beri Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning energetika infratuzilmasi obektlari — neft va gazni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, neft nasos stansiyalariga muntazam ravishda hujum qilmoqda. So‘nggi ikki oy ichida Rossiyaning har uchinchi neftni qayta ishlash zavodiga hujum uyushtirildi.

Sentyabr oyida uchuvchisiz uchoqlar zarbalari Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodi, "Gazprom"ning Astraxan gazni qayta ishlash zavodi va mamlakatdagi eng yirik korxonalardan biri bo‘lgan hamda Moskva viloyatini yonilg‘i bilan ta’minlovchi "Rosneft"ning Ryazan neftni qayta ishlash zavodi ishini to‘liq yoki qisman to‘xtatib qo‘ydi. Oktyabr oyining birinchi haftasida yana beshta neftni qayta ishlash zavodiga zarba berildi.

Mavzuga oid