Sog‘lom hayot | 18:33 / 11.10.2025
5163
6 daqiqa o‘qiladi

Artrit, artroz yoki osteonekroz: tizzalarda nima sababdan og‘riq yuzaga keladi?

Tizza inson tanasidagi eng yirik va murakkab bo‘g‘imlardan biridir. U har kuni yurish, o‘tirish, zinadan chiqish, hatto o‘rindan turish paytida ham butun tananing og‘irligini ko‘taradi. Shu bois, ushbu a’zoda og‘riq paydo bo‘lishi inson hayot sifatiga bevosita ta’sir qiluvchi holat hisoblanadi. Mazkur maqolada tizzalar salomatligida kuzatiladigan o‘zgarish sabablari va og‘riqni bartaraf etish usullari haqida so‘z boradi.

Foto: Getty Images

Tibbiyotda bu simptomning yuzaga kelishiga bir necha omillar turtki bo‘lishi ta’kidlanadi: yallig‘lanish (artrit), tog‘ayning yemirilishi (artroz), mushak-suyak tizimidagi jarohatlar, ortiqcha vazn, qon aylanish buzilishi yoki buyrak faoliyatidagi nosozliklar.

Harakatsizlik

Hozirda ko‘pchilik asosiy vaqtini ofisda o‘tirib, telefon yoki kompyuter bilan ishlashga sarflaydi. Bu esa tanani, ayniqsa, tizzalarni harakatsiz holatda uzoq saqlanishiga sabab bo‘ladi. Tizza bo‘g‘imi suyaklar orasidagi maxsus suyuqlik yordamida harakatlanadi. Bu suyuqlik suyaklarning sirpanishini ta’minlab, bo‘g‘imlarni oziqlantiradi. Ammo odam uzoq vaqt o‘tirganida mazkur suyuqlik yetarlicha aylanmaydi, natijada suyaklar orasidagi sirpanish mexanizmi buziladi. Dastlab tizzada yengil og‘riq, qattiqlik yoki noqulaylik seziladi, vaqt o‘tgan sayin esa yallig‘lanish va surunkali og‘riqlar paydo bo‘ladi.

Uzoq o‘tirish qon aylanishini sekinlashtiradi, tizza atrofidagi mushaklar zaiflashadi va bo‘g‘imga tushadigan bosim ortadi. Shuning uchun har 30–40 daqiqada o‘rningizdan turib, bir necha daqiqa yurish yoki cho‘zilish mashqlarini bajarish foydali. Eng oddiy harakatlar, masalan, tizzani bukib-yozish, aylantirish yoki yengil yurish bo‘g‘im suyuqligini harakatga keltirib, og‘riqning oldini oladi.

Ortiqcha vazn

Ortiqcha vazn tizzalarga eng katta zarar yetkazadigan omillardan biri sanaladi. Tibbiy tadqiqotlarga ko‘ra, inson tanasidagi har bir ortiqcha kilogramm tizzalarga to‘rt barobar kuchli bosim tushishiga sabab bo‘ladi. Ya’ni, 10 kilogramm ortiqcha vazn tizzaga 40 kilogrammlik qo‘shimcha yuk beradi. Natijada bo‘g‘imdagi xaftaga (tog‘ay) qatlam siyraklashadi, suyaklar bir-biriga ishqalanadi va tizzada og‘riq hosil bo‘ladi.

Yurish paytida tizzalarga tana vaznining 1,5 barobari, zinadan chiqishda esa 3–4 barobargacha bosim tushadi. Ortiqcha vazn nafaqat mexanik yukni oshiradi, balki bo‘g‘im ichida yallig‘lanish jarayonlarini ham kuchaytiradi.

Sportdagi noto‘g‘ri yuklama

Jismoniy faoliyat sog‘liq uchun foydali, lekin har bir mashqning to‘g‘ri texnikasi va bosqichma-bosqich oshirilishi zarur bo‘lgan yuklamasi bor. Agar mazkur jarayon noto‘g‘ri bajarilsa, masalan, yelka kengligidan tor holatda cho‘nqayish, og‘irlik ko‘tarishni to‘satdan oshirish, sovish/qizish mashqlarisiz kuchli yugurish yoki sakrash tizzalarga ortiqcha va noto‘g‘ri yuk tushadi. Bunday holatlarda tizza xaftagi (xondral to‘qima) tezroq eskiradi, tendinit (tendon yallig‘lanishi), meniskus yirtilishi yoki bog‘lam (ligament) shikastlanishi kabi muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Ichki a’zolar bilan bog‘liq og‘riqlar

Ba’zi hollarda tizza og‘rishi lokal sabab emas, boshqa a’zolardagi muammo belgisi bo‘ladi. Masalan, buyrak yallig‘lanishi natijasida organizmdagi suyuqlik muvozanati buziladi va oyoqlarda shish, og‘riq yuzaga keladi. Yurak yoki qon tomir tizimi yetarli ishlamaganda esa pastki oyoqlarga qon oqimi kamayadi, bu ham tizzalarda og‘riq chaqiradi.

Internetdagi maslahatlarga emas, mutaxassisga ishoning

So‘nggi yillarda odamlar tizzadagi og‘riqni o‘zicha “davolash”ga o‘rganib qolgan. Ba’zilar “issiq suvli muolaja”, boshqalar esa “sovuq kompress” qo‘llaydi. Ammo ushbu amaliyotlar xavfli.

Og‘riqning sababi aniqlanmagan holda qo‘llanganda bunday “uy sharoitidagi muolajalar” foyda o‘rniga zarar keltirishi mumkin. Masalan, yallig‘lanish jarayonida issiq muolaja shishni yanada kuchaytiradi, sovuq kompress esa qon aylanishini keskin sekinlashtiradi. Natijada to‘qimalar tiklanish jarayonidan to‘xtaydi va og‘riq surunkali tus oladi.

Harakat — eng yaxshi dori

Tizzalarni sog‘lom saqlash uchun murakkab mashqlarni bajarish shart emas. Mutaxassislar quyidagi oddiy harakatlarni tavsiya etadi:

  • Har kuni yurish: kamida 30 daqiqa.
  • Yengil cho‘zilish mashqlarini bajarish: ertalab va kechqurun.
  • O‘tirish holatini o‘zgartirib turish: har 45 daqiqada tizzalarni bukib-yozish.
  • Sog‘lom ovqatlanish: oqsil, kollagen, D vitamini va kalsiy yetarli bo‘lishi kerak.
  • Sovuq joyda uzoq o‘tirishdan saqlanish.
  • Vaznni nazorat qilish.

Tibbiyotda bugun tizzani davolashning turli usullari ma’lum, lekin eng samaralisi — profilaktika. Shifokorlar fikricha, tizzadagi og‘riq – bu tananing ogohlantiruvchi signali. U bo‘g‘imdagi mexanik muvozanat buzilganini, tog‘ay yoki paylarda mikroyoriqlar paydo bo‘lganini bildiradi. Shu sababli og‘riqni vaqtincha bosish emas, balki uning sababini topish muhim.

Mutaxassislar, ayniqsa, sport bilan shug‘ullanadigan yoki uzoq vaqt tik oyoqda ishlaydigan odamlarga muntazam ortopedik tekshiruvdan o‘tishni tavsiya qiladi. Shu orqali bo‘g‘imdagi erta yemirilish belgilarini aniqlash, ularni davolashni erta boshlash hamda jarrohlik aralashuvining oldini olish mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid