Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Makron Lekornyuni Fransiya bosh vaziri etib qayta tayinladi
Fransiya bosh vaziri lavozimini tark etgan Lekornyu Emmanuel Makron tomonidan yana bu lavozimga tayinlandi. Muxolifat prezidentga impichment e’lon qilish bilan tahdid qilmoqda. Lekornyu «siyosiy inqirozni tugatish»ga chaqirdi.
Fransiya bosh vaziri lavozimidan to‘rt kun oldin iste’foga chiqqan Sebasten Lekornyu 10 oktyabr, juma kuni kechqurun Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan bu lavozimga qayta tayinlandi. Yelisey saroyi veb-saytiga ko‘ra, Lekornyu zimmasiga hukumatni shakllantirish topshirilgan.
Sebasten Lekornyu 2026 yilgi davlat budjeti bo‘yicha kelisha olmagani uchun iste’foga chiqdi. Bosh vazir lavozimiga qayta tayinlanganidan so‘ng siyosatchi X ijtimoiy platformasida shunday deb yozdi: «Men o‘z burchimni his qilgan holda, respublika prezidenti menga yuklagan vazifani qabul qilaman: Fransiya yil oxirigacha budjet olishini ta’minlash va vatandoshlarimizning kundalik muammolariga javob berish uchun hamma narsani qilish lozim».
«Biz fransuzlarni g‘azablantiradigan siyosiy inqirozni va Fransiyaning obro‘si va manfaatlariga putur yetkazadigan beqarorlikni tugatishimiz kerak», deb qo‘shimcha qildi Lekornyu.
39 yoshli Sebasten Lekornyu Fransiyaning sobiq mudofaa vaziri va Emmanuel Makronning ittifoqchisi. U birinchi marta 9 sentabrda bosh vazir etib tayinlangan. Lekornyu Makron so‘nggi ikki yil ichida tasdiqlagan hukumatning beshinchi rahbari.
Fransiyadagi siyosiy beqarorlik fonida Amerikaning Fitch reyting agentligi 12 sentabr kuni Fransiyaning kredit reytingini AA-dan A+ darajasiga tushirdi. Bu mamlakat tarixidagi eng yomon reyting hisoblanadi. Fransiyaning davlat qarzi hozirda YaIMning 115 foizini tashkil etadi, bu Yevropa Ittifoqida Gretsiya va Italiyadan keyin uchinchi o‘rinda turadi.
Mavzuga oid
08:59
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
20:32 / 13.06.2026
O‘zbekistonliklar uchun Fransiyada mavsumiy ish taklif etilmoqda
10:08 / 11.06.2026
Yonilg‘i narxlari oshishi Yevropada elektromobillarga talabni kuchaytirdi
10:40 / 09.06.2026