Ta’lim | 10:34 / 11.10.2025
17322
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston universitetlari ilk bor nufuzli xalqaro reytingga kirdi

9 oktyabr kuni Times Higher Education (THE) xalqaro nashri tomonidan e’lon qilingan World University Rankings 2026 natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari jahon reytingida sezilarli yutuqlarga erishdi.

Jumladan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti ilk bor dunyo universitetlari reytingida top-600 (501-600) talikdan o‘rin oldi.

Bundan tashqari, quyidagi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ham reytingda qayd etildi:

Toshkent davlat texnika universiteti – 1001-1200 talikda;
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti – 1201-1500 talikda;
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti – 1501+ toifada.

Shuningdek, 58 ta OTM reporter (da’vogar) sifatida ro‘yxatga kirdi.

2026 yilgi reytingda 115 ta davlat va hududdan 2 191 ta universitet ishtirok etdi. Ular orasida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidan 17 ta universitet bo‘lib, O‘zbekiston ilk bor to‘rtta OTM bilan qayd etildi.

Times Higher Education World University Rankings dunyodagi eng nufuzli xalqaro reytinglardan biri bo‘lib, u oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini ta’lim sifati, tadqiqot muhiti, ilmiy ta’sir, xalqaro ochiqlik va sanoat bilan hamkorlik kabi 5 asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholaydi.

Mavzuga oid