Jahon | 17:27 / 11.10.2025
1708
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Yadro tibbiyoti markazi qurilishi boshlandi

Markazda diagnostika va radiojarrohlikdan tortib, saratonning eng murakkab shakllarini davolash uchun proton terapiyasini joriy etish rejalashtirilgan.

Foto: O‘zA

Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida Yadro tibbiyoti markazi qurilishiga ramziy tamal toshi qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Berezin nomidagi tibbiyot instituti boshqaruv raisi Arkadiy Stolpner, soha mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Markaz Berezin nomidagi tibbiyot instituti (MIBS) ishtirokida investitsiya kiritish formatida barpo etiladi. Obektning umumiy maydoni 12 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu hududda muhandislik, geologik, ekologik va boshqa loyihaoldi tadqiqotlar amalga oshirildi.

Markazda diagnostika va radiojarrohlikdan tortib, saratonning eng murakkab shakllarini davolash uchun proton terapiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda pozitron-emission tomografiya (PET/KT), siklotron majmuasi va radiofarmpreparatlar laboratoriyasi bilan jihozlangan yadro diagnostika markazi tashkil etiladi. Keyingi bosqichlarda radionuklid terapiyasi yo‘lga qo‘yilib, izotop tadqiqotlari ko‘lami kengaytiriladi.

Markaz faoliyati natijasida yiliga 8 ming nafar bemorda kasallikni ilk bosqichdayoq aniqlash imkoni bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, bu to‘liq shifo topish ehtimolini bir necha barobar oshiradi. Shu bilan birga, loyiha mamlakatda tibbiy turizmni rivojlantirishga ham zamin yaratadi.

Qayd qilinishicha, loyihaning yana bir muhim jihati yuzdan ziyod yuqori texnologiyali ish o‘rni yaratilishidir. Markaz faoliyati orqali yadro tibbiyoti sohasida milliy kadrlar bazasi shakllanadi. Bu muassasa faqat tashxis va davo bilan cheklanmaydi, balki ilmiy izlanishlar, yangi usullar sinovi va malakali mutaxassislar tayyorlash uchun ham platforma vazifasini bajaradi.

Loyiha doirasida yadroviy texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy tashxis va davolash usullari joriy etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid