O‘zbekiston | 20:30 / 13.10.2025
4188
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasi «shubhali» tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishdan ogohlantirdi

Bunday tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida qaralishi mumkin.

Soliq to‘lovchilar o‘z kontragentlarini tanlashda lozim darajada ehtiyotkor bo‘lishi zarur, deb hisoblamoqda Soliq qo‘mitasi.

Idora «norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritib, shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 7522 ta sub’yekt»ni aniqlagan. Ularni veb-sayt orqali tekshirish mumkin. Ta’kidlanishicha, ro‘yxat muntazam ravishda yangilanib boriladi.

Qayd qilinishicha, joriy yilning o‘zida faoliyatida shubhali holatlar kuzatilgan va naqdlashtirish bilan shug‘ullangan 902 ta sub’yekt aniqlangan.

Soliq qo‘mitasining ta’kidlashicha, faqat ishonchli tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlik o‘rnatish, norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritgan sub’yektlar bilan moliyaviy aloqada bo‘lmaslik — bu tadbirkorlik sub’yektining ishbilarmonlik obro‘si asosidir.

Idora kontragentlarning ishonchliligini tekshirish bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni berdi:

- Moliyaviy hisobotlarni so‘rash va tekshirish. Hisobotlarni taqdim etmaslik yoki yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etish holatlari shubha uyg‘otishi lozim — ishonchli tadbirkorlik sub’yektlari o‘zining moliyaviy faoliyati haqidagi ma’lumotlarni yashirmaydi;

- Soliq qo‘mitasining rasmiy veb-sahifasidagi reyestrida mavjudligini tekshirish;

- Sub’yektning ko‘rsatilgan manzilda hamda ofis va omborlarning mavjudligiga ishonch hosil qilish;

- Onlayn tahlil o‘tkazish: kontragentning ijtimoiy tarmoqda mavjudligi, ular to‘g‘risidagi mulohazalar va reytingi hamda faoliyati haqidagi boshqa mavjud ma’lumotlarni olish.

Ta’kidlanishicha, agar kontragentda norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritganlik holatlari aniqlangan taqdirda, soliq organlari ayrim operatsiyalarni e’tiborga olmaslikka hamda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar summalarini o‘zgartirishga haqli. Bunday sub’yektlar bilan hamkorlik qilish soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida qaralishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid