Iqtisodiyot | 14:40 / 13.10.2025
2077
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQShni yangi bojlar tufayli ikki tomonlama standartlarda aybladi

Pekin Donald Trampning Xitoyga nisbatan 100 foizlik bojlar joriy etish haqidagi bayonotiga keskin munosabat bildirdi. Dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo urushi yana avj olmoqda.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan yangi yirik bojlar e’lon qilinishi ortidan Xitoy Vashingtonni ikki tomonlama standartlarda aybladi. «Trampning tariflar haqidagi e’loni ikki tomonlama standartlarning odatiy namunasidir», deya ma’lum qildi Xitoy Savdo vazirligi 12 oktyabr, yakshanba kuni. «Yuqori tariflarning doimiy tahdidlari Xitoy bilan munosabatlarga to‘g‘ri yondashuv emas», — deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Juma kuni Tramp Xitoyning nodir metallar eksporti ustidan nazoratni kuchaytirishiga javoban Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 100 foizlik tariflarni e’lon qildi. Ushbu tariflar 1 noyabrdan kechiktirmay kuchga kiradi va bojxona cheklovlari joriy qilingan tovarlarga nisbatan qo‘llanadi. Prezident, shuningdek, Xitoyga «muhim dasturiy ta’minot» eksportini cheklash niyatida ekanligini ma’lum qildi va Xitoy rahbari Si Jinping bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor etish bilan tahdid qildi.

Ayni paytda Xitoy tovarlariga AQShning 30 foizlik bojlari qo‘yiladi, bunga javoban Xitoy 10 foizlik kontrabojlar joriy qiladi.

Nodir elementlar Pekin va Vashington o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligida asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Payshanba kuni Xitoy Savdo vazirligi ushbu materiallarni qazib olish va qayta ishlash bilan bog‘liq texnologiyalar bo‘yicha qat’iy eksport nazoratini e’lon qildi. Endilikda kompaniyalar nodir tuproq metallarini ishlab chiqarishda qo‘llanadigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni eksport qilishdan oldin ruxsat olishi kerak. Xorijiy firmalar uchun qo‘shimcha cheklovlar mavjud.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, yangi qoidalar ishlab chiqarish liniyalarini «yig‘ish, sozlash, texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va yangilash» texnologiyalariga ham tegishli. Pekin bu qarorni milliy xavfsizlikni himoya qilish uchun zarur deb tushuntirdi, chunki nodir yer elementlari harbiy maqsadlarda ham qo‘llanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid