Jahon | 14:16 / 15.10.2025
2379
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: G‘azo sektorini qayta qurish o‘nlab yillar davom etishi mumkin

G‘azo sektorini qayta qurish uchun taxminan 61 milliard yevro kerak bo‘ladi, dedi BMTning yuqori martabali rasmiysi. Qayta qurish muddati olingan mablag‘lar miqdoriga bog‘liq bo‘ladi.

Foto: Reuters

G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilganidan so‘ng BMT qayta qurish ishlarini imkon qadar tezroq boshlashga chaqirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) Falastin hududlariga yordam dasturi maxsus vakili Yako Silliyers 14 oktyabr, seshanba kuni Jyenevada bo‘lib o‘tgan brifingda, rekonstruksiyani boshlash uchun vayronaga aylangan shaharlardagi binolar vayronalarini tozalash va 55 million tonnadan ortiq qurilish chiqindilarini olib tashlash kerakligini aytdi.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va Jahon banki tomonidan birgalikda olib borilgan zarar va ehtiyojlarni tezkor baholashga ko‘ra, G‘azoni qayta tiklash uchun taxminan 70 milliard dollar (taxminan 61 milliard yevroga teng) kerak bo‘ladi», dedi Cilliyers.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashkilotlarning vazifasi vayronagarchilik ko‘lamini belgilashdan tashqari, «birinchi navbatda qaysi hududlarni qayta qurish va sa’y-harakatlarni qayerga yo‘naltirish»ga ustuvor ahamiyat berishdan iborat.

«Hamma hududlar ham qayta tiklanmasligi ehtimoldan xoli emas», dedi BMT vakili. Uning ta’kidlashicha, faqat keyingi uch yil ichida rekonstruksiya uchun 20 milliard dollar (17,3 milliard yevro) sarflash rejalashtirilgan.

Yako Silliyers G‘azo sektoridagi rekonstruksiya ishlari qachon yakunlanishi mumkinligi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi. Uning ta’kidlashicha, rekonstruksiya mablag‘lar miqdoriga bog‘liq va o‘nlab yillar davom etishi mumkin.

Mavzuga oid