O‘zbekiston | 23:01 / 22.10.2025
3906
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi: iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-24 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo‘ladi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Getty images

Ushbu bitim ikki tomonlama munosabatlarning strategik yo‘nalishini belgilab beradi. Bu hujjat, eng avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyotini zamonaviy global tizimga integratsiya qilish va Yevropa bozorlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan.

Bitim 1996 yildagi hujjatni almashtirib, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Uning asosiy mazmuni - iqtisodiy pragmatizm va amaliy natija. Hujjat erkin bozor tamoyillarini mustahkamlash, bojxona va texnik to‘siqlarni kamaytirish, xizmatlar savdosini erkinlashtirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya oqimini rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Ekspertlar fikricha, mazkur bitim O‘zbekiston uchun Yevropa bozorlariga keng yo‘l ochib, milliy ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirish va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, bitim Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozlaridan foydalanishni kengaytiradi va mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonini tezlashtiradi. Bu O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozorlariga teng raqobat asosida chiqishi uchun huquqiy va institutsional zamin yaratadi.

Hujjat, shuningdek, “yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanuvchi energiya, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Yevropa Ittifoqi fondlari orqali moliyalashtiriladigan ekoproyektlar va “Horizon Europe”, “Erasmus+” kabi dasturlarda ishtirok qilish imkoniyati O‘zbekiston iqtisodiyotining texnologik yangilanishiga xizmat qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlamoqda: yangi bitim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlarini siyosiy emas, amaliy iqtisodiy mazmunda qayta formatlaydi. U nafaqat savdo hajmini oshirish, balki Yevropa investitsiyalari, innovatsiyalar va texnologiyalarini mamlakat iqtisodiyotiga olib kirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, bitim inson huquqlari, ochiq boshqaruv va qonuniylik sohalaridagi hamkorlikni ham qamrab oladi. Biroq bu elementlar islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi yordamchi yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda. Asosiy ustuvor vazifa - O‘zbekiston iqtisodiyotini raqobatbardosh, diversifikatsiyalashgan va barqaror modelga aylantirishdir.

Bitimning amalga oshirilishi O‘zbekistonni Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik iqtisodiy ko‘prikka aylantiradi. “Global Gateway” tashabbusi doirasida transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim - bu siyosiy ramz emas, amaliy iqtisodiy strategiya. U O‘zbekiston uchun Yevropa investitsiyalari, yangi texnologiyalar va eksport imkoniyatlariga yo‘l ochib, mamlakatning iqtisodiy mustaqilligi va barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid