Jahon | 19:20 / 22.10.2025
14379
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya–Ukraina urushini nega to‘xtatib bo‘lmayapti?

AQSh prezidenti Donald Tramp 10 oydan beri Rossiya–Ukraina urushini tugatolmay halak. Budapeshtda o‘tishi belgilangan muzokaralar ham barbod bo‘lganga o‘xshayapti. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida buning sabablari haqida atroflicha so‘z yuritadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Urushlar – butun insoniyat tarixida eng katta ziddiyatlarni hal qiluvchi eng asosiy omil bo‘lgan. Aynan urushlardan keyin yangi konsensuslar, kelishuvlarga erishilgan: g‘olibning xohishi ustuvor bo‘lib, yengilgan taqdirga tan bergan.

Hozirgi dunyo tartiboti ham Ikkinchi jahon urushidan keyingi 1945 yilda shakllanib boshlagan edi. Lekin undan keyin ancha vaqt davom etgan Sovuq urush hozirgi dunyo tartibotini yanada o‘zgartirdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin ikki qutblilik shakllangan bo‘lsa, sovuq urush natijasida sobiq sotsialistik lagerning qulashi bilan dunyoda AQSh boshchiligidagi bir qutblilik shakllandi.

Bugun dunyoda ikkita yirik urush yoki ziddiyat bor. Isroilning Falastinga, qo‘shnilariga hujumlari zamirida mana shu bir qutblilikning oqibatlari turadi. Rossiyaning Ukrainaga urushi zamirida esa, Moskvaning sovuq urush natijalarini reviziya qilishga intilishi yotibdi.

Shu kunlarda dunyo axborot maydonidagi eng muhim xabar: Tramp va Putinning Vengriya poytaxti Budapeshtdagi ehtimoliy uchrashuvi va bu uchrashuv natijasida bu urushning tugallanish ehtimoli. Lekin kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, Rossiya-Ukraina urushining hozirda to‘liq, batamom tugashi ehtimoli juda kam. Bu urushda har bir tomonning o‘z maqsadlari, motivlari mavjud.

Garchi Ukraina bu urushda juda toliqqan bo‘lsa-da, kamida uchta sababga ko‘ra, rasmiy Kiyev bu urushni hozirgi holatda to‘xtatishga tayyor emas.

Birinchisi, siyosiy sabab. Ukraina jamiyati Rossiya tomonidan bosib olingan katta yerlarni Rossiyaga berilishiga rozi emas. Qolaversa, mutlaq aksariyat ukrainaliklar keyingi uch o‘n yillik mobaynida shakllangan orzusi – NATOga va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish g‘oyasidan voz kechish niyatida emas. Qaysi bir siyosatchi Rossiyaga bosib olingan yerlarni rasman berishga rozi bo‘lsa, u Ukraina tarixida “xoin” degan nom bilan qoladi. Shuningdek, yerlarni berish va NATOga kirishdan bosh tortish evaziga “Ukraina nima oladi?” degan savolga ham qoniqarli javob yo‘q. Ukraina elitasi esa, xalqni darg‘azab qiladigan qadamlar tashlash niyatida emas.

Ikkinchisi, Ukraina siyosiy elitasi va ekspertlari Rossiya bilan bo‘ladigan har qanday kelishuvni vaqtincha bo‘ladi, deb ishonadi. Ukrainadagi shakllangan qarashga ko‘ra, Rossiyaning asosiy maqsadi – Ukrainani to‘liq, strategik bo‘ysundirish, o‘z nazoratiga olish. Kiyevga qo‘g‘irchoq hukumat qo‘yish. Agar hozir Rossiya bilan tinchlik kelishuvi imzolansa, ukrainaliklar fikricha, tinchlik uzoqqa bormaydi. Chunki Rossiya Ukrainani to‘liq o‘ziga bo‘ysundirganicha yo‘q. Ukraina oldida og‘ir dilemma turibdi: yo hozir urushni davom ettirish, yoki biroz tinchlikdan so‘ng yana urushga qaytish... Shuning uchun Ukraina hozircha urushni davom ettirish niyatida.

Uchinchisi, Ukraina hokimiyati Trampning o‘zgaruvchan kayfiyatini asta-sekinlik bilan, bosqichma-bosqich o‘z tomoniga ag‘darish niyatida. Garchi shu paytgacha Tramp Ukrainadan ko‘ra Rossiyaga moyilligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, rasmiy Kiyev Yevropa Ittifoqi kabi, AQShni o‘z tomoniga to‘liq o‘tkazishga urinishdan to‘xtash niyatida emas.

Donald Trampning motivlari oddiy: u nima bo‘lsa ham urushni hozir to‘xtatish harakatida. Urushning qanday shartlar bilan to‘xtashi va nima oqibatlarga olib kelishi – uni qiziqtirmaydi. Tramp urushni to‘xtatsa-yu, hamma unga qoyil qolsa, hatto Nobel mukofotini ham berib yuborishsa – shu uning maqsadi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyadan jiddiy qo‘rqmoqda. Agar Ukraina urushi Rossiya shartlarida to‘xtasa, ya’ni Ukraina yerlari Rossiyaga berilsa, Ukrainani Rossiya nazorat qila boshlasa, bu – Rossiyani yanada ruhlantiradi va kuchaytiradi, keyingi urushlarga o‘tishiga sababchi bo‘ladi, degan qarashda. Shu sabab, Yevropa Ittifoqi bu urushda Ukrainaning mag‘lub bo‘lmasligi niyatida.

Rossiya ham o‘zini vaziyatning qurboni deb hisoblaydi. U shu paytgacha NATOning kengayishidan nolib keldi. Ukraina bilan urushda vaqtinchalik kelishuvni Rossiya ham to‘liq rad etadi. Chunki Moskva ham, xuddi Kiyev kabi, “agar hozir vaqtinchalik tinchlik kelishuviga erishsak, Ukraina dam oladi, qurollanadi va yana kuchayib oladi, shuning uchun to‘liq siyosiy kelishuv bo‘lmagunicha, urushni to‘xtatmaymiz!” degan pozitsiyada.

Shundan ko‘rinib turibdiki, bu urushni so‘zsiz to‘xtatish tarafdori – faqat Tramp, lekin uning ham uzoq muddatli strategiyasi mutlaq mavjud emas. Qolgan tomonlar: Ukraina, Yevropa Ittifoqi va Rossiya esa urushni faqat o‘zlariga mos shartlar asosidagina to‘xtatishga tayyor.

Yaqinda Ukraina prezidenti Zelenskiy Vashingtonda Tramp bilan yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazdi. Tramp Zelenskiyga bosim qilib: “Putin Donbassni so‘rayapti, ber o‘sha Donbassni, urushni to‘xtataylik!” degan. Lekin Ukraina Donbassning qolgan qismini bera olmaydi, chunki berishi bilanoq, Rossiya strategik mudofaa nuqtalarini, logistika marshrutlarini qo‘lga kiritgan bo‘ladi. Bu esa Ukrainaning qolgan qismini bosib olishni osonlashtiradi.

Agar Rossiya–Ukraina urushida Ukrainaning yerlari Rossiyaga beriladigan bo‘lsa, dunyoda Ikkinchi jahon urushidan keyingi yangi qoida normallashgan bo‘ladi: kim kuchli bo‘lsa – shu haq, kim boshqaning yerlarini bosib olsa – bu yerlar bosqinchiniki bo‘ladi... Oqibatda, davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligi degan qadriyatlar yaroqsizlantirilgan bo‘ladi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlari uchun fundamental tahdid demakdir.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid