Jahon | 20:51 / 23.10.2025
9401
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Markaziy Osiyoning bir nechta banklariga nisbatan sanksiya kiritdi

Qozog‘istonda Rossiyaning VTB banki filiali, Tojikistonning uchta va Qirg‘izistonning ikkita banki YeI sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

Foto: Reuters

23 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini qabul qildi. Yangi sanksiyalar ro‘yxatidan Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondagi banklar ham o‘rin oldi.

Unga ko‘ra, 12 noyabrdan boshlab Rossiyaning Alfa-bank, Ms bank, Absolyut Bank, Zemskiy bank va «Istina» nobank kredit tashkiloti bilan kredit operatsiyalari olib borish taqiqlanadi.

YeI shuningdek, Rossiya banklarining xorijiy filiallariga qarshi ham sanksiyalar joriy etdi – 2 dekabrdan boshlab Belarusda VTB, Sber va Alfa-Bank, Qozog‘istonda esa VTB filiallari sanksiyalar ostida bo‘ladi.

Bulardan tashqari, Tojikistonning uchta («Dushanbe Siti bank», «Spitamen» va «Kommersbank Tojikiston») va Qirg‘izistonning ikkita («Tolubay» va «Yevrosiyo jamg‘arma banki») banki sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Ularga nisbatan cheklovlar 12 noyabrdan boshlab kuchga kiradi.

25 noyabrdan Payeer xalqaro elektron hamyoni va to‘lov tizimiga nisbatan sanksiyalar amal qila boshlaydi.

Qozog‘iston milliy banki raisi o‘rinbosari Yerulan Jamaubayev YeIning VTB Qozog‘iston bankiga nisbatan sanksiyalar kiritishiga izoh berar ekan, bu iqtisodiyot uchun jiddiy xatar tug‘dirmasligini ma’lum qildi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid