O‘zbekiston | 09:12 / 24.10.2025
1160
2 daqiqa o‘qiladi

Arxeologiya obektlarining davlat katalogi yuritiladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan arxeologiya merosi obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi.

Xususan, hujjat bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:

• arxeologiya ashyolari davlat katalogi to‘g‘risida;
• arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish va ularni fan, madaniyat va ta’lim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va ta’lim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish hamda tadqiq qilish tartibi to‘g‘risida;
• xalqaro arxeologiya tadqiqotlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida;
• arxeologiya obektlarini konservatsiyalash tartibi to‘g‘risida.

Madaniyat ishlari vazirligi arxeologiya obektlarining davlat katalogini yuritadi va arxeologiya ashyolarini ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshiradi.

Arxeologiya ashyolariga nisbatan fuqarolik huquqlari va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilish ular katalogda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyingina amalga oshiriladi.

Katalogda ro‘yxatga olingan arxeologiya ashyolari begonalashtirilmaydi, ularning yo‘qolishi, buzilishi yoki boshqa arxeologiya ashyolariga ayirboshlanishi hollari bundan mustasno.

Arxeologiya ashyolari keyinchalik fan, madaniyat va ta’lim muassasalariga biriktirilgan holda davlatga topshirilishi lozim. Bunda mazkur muassasalarda moddiy-texnika bazasi, shu jumladan xona yoki xonalar, saqlash uchun zarur asbob-uskunalar, qo‘riqlash vositalari va yong‘inga qarshi vositalarning mavjud bo‘lishi majburiy shart hisoblanadi.

Fan, madaniyat va ta’lim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan faqat quyidagi maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yiladi:

• ilmiy, madaniy, ta’lim va ma’rifiy faoliyat;
• arxeologik ashyolar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish.

Agar arxeologik ashyolar aniqlangan joyda qolib ketsa, ularni konservatsiya qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Bunda mazkur predmetlar tavsiflangan, suratga olingan va ilmiy hisobotda keltirilgan bo‘lishi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid