Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Boltiq dengizi sohilida 2800 yillik xanjar topildi
Polshaning Boltiq dengizi sohilida mahalliy o‘lkashunos-havaskorlar taxminan 2800 yil avval yasalgan bezakli xanjarni topdi. Artefakt Xalshtat madaniyatiga xos uslubda tayyorlangan.
Foto: Muzeum Historii Ziemi Kamieńskiej
Boltiq sohilidagi kuchli bo‘ronlar natijasida sohil qiyaliklari yemirilib, yer ostida qariyb uch ming yil saqlangan buyum yuzaga chiqqan. Kamen shahri tarixi muzeyi (Muzeum Historii Ziemi Kamieńskiej) ma’lumotiga ko‘ra, topilma Polshaning G‘arbiy Pomoryo viloyatidagi Kamen-Pomorskiy yaqinida aniqlangan.
Topilmani tarix bilan shug‘ullanuvchi ikki havaskor — Yatsek Ukovskiy va Katajina Gerdjik bo‘rondan keyin sohilda yurgan vaqtda loy bo‘lagidan topgan. Ular darhol muzey direktori Gjyegoj Kurka bilan bog‘langan.
Xanjarning uzunligi taxminan 24 santimetr bo‘lib, u yarim oy shakllari va geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Dastasi uchi o‘tkir qilib ishlangan. Kurkaning ta’kidlashicha, bu buyum tayyorlanishi mahorati jihatidan Polsha hududida topilgan eng noyob metall artefaktlardan biridir.
Ancient Origins nashri yozishicha, naqshlar uning marosim buyumi bo‘lganidan darak berishi mumkin. Bu kabi bezaklar miloddan avvalgi 800–450-yillarga tegishli Xalshtat davriga, ya’ni Yevropada temir asri boshlangan davrga xos hisoblanadi.
Olimlar xanjarning aslida qanday maqsadda ishlatilgani borasida turli fikrda. Boy bezaklari va jang izlarining yo‘qligi uning rasmiy yoki diniy marosimlar uchun ishlatilganini anglatishi mumkin. Ammo muvozanatli tuzilishi va mustahkamligi sababli, ayrim olimlar uni yuqori martabaga ega jangchiga tegishli qurol deb hisoblamoqda.
Muzey direktori Kurkaning aytishicha, xanjar ehtimol, o‘sha davrdagi metall ishlov berish markazlaridan birida — hozirgi Italiya, Avstriya yoki Bolqon mintaqasi hududlarida tayyorlangan bo‘lishi mumkin. U shimolga qadimiy savdo yo‘llari orqali yetkazilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Tez orada o‘tkaziladigan laboratoriya tahlillari uning aniq kelib chiqishi va vazifasini belgilab beradi.
Mavzuga oid
14:01 / 20.09.2025
Rossiya qiruvchilari Boltiq dengizidagi platforma ustidan uchib o‘tdi
15:23 / 01.07.2025
Daniyada Pistorius Boltiqbo‘yining xavfsizligi muhimligini ta’kidladi
20:46 / 27.05.2025
Boltiq dengizida Rossiya flotining o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Unda 20 ta jangovar kema va 3 ming harbiy ishtirok etmoqda
20:15 / 14.04.2025