Jahon | 14:01 / 20.09.2025
5751
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qiruvchilari Boltiq dengizidagi platforma ustidan uchib o‘tdi

Polsha chegara xizmati Rossiya qiruvchi samolyotlari Boltiq dengizidagi Petrobaltic burg‘ilash platformasi ustida past balandlikda uchganini ma’lum qildi. Bu Polshaning iqtisodiy zonasida bo‘lgan, lekin davlat chegarasida emas, deya aniqlik kiritdi xizmat.

Foto: AP

Rossiya harbiy samolyotlari 20 sentabr, juma kuni Polshaga tegishli burg‘ilash platformasi ustidan past balandlikda uchib o‘tdi. «Rossiyaning ikkita qiruvchi samolyoti Boltiq dengizidagi Petrobaltic platformasi ustidan pastdan uchib o‘tdi. Platformaning xavfsizlik zonasi buzilgan. Bu haqda Polsha qurolli kuchlari va boshqa xizmatlar xabardor qilingan», — deb yozgan Polsha chegara xizmati ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Chegara qo‘riqlash xizmati vakili mahalliy TVP World telekanaliga bergan intervyusida, hodisa Polshaning eksklyuziv iqtisodiy zonasini buzgani, lekin davlat chegarasini buzmaganini bildirdi. Hodisa Rossiyaning uchta qiruvchi samolyoti Estoniya havo hududini buzganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan. Petrobaltic platformasi — bu Orlen Polsha davlat energetika kompaniyasiga tegishli bo‘lgan dengiz burg‘ilash qurilmasi. U Boltiq dengizining Polsha sektorida ishlaydi va dengiz tubidan neft va gaz qazib olish uchun ishlatiladi, deb xabar berdi telekanal.

Bundan oldin Rossiyaning uchta MiG-31 qiruvchi samolyoti Vayndloo oroli yaqinidagi Finlandiya ko‘rfazi uzra Estoniya havo hududiga ruxsatsiz kirib kelgan va u yerda taxminan 12 daqiqa qolgan. Bu haqda 19 sentabr kuni Estoniya mudofaa kuchlari bosh shtabi matbuot xizmatiga tayanib, Estoniya jamoat teleradiokompaniyasi xabar berdi.

Mavzuga oid