Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindiston Rossiya nefti importini keskin qisqartirishga tayyorlanmoqda
Rossiyadan neft sotib olishni qisqartirish to‘g‘risidagi qaror AQShning "Rosneft" va "Lukoyl"ga qarshi yangi sanksiyalari bilan bog‘liq. Bu qadam Vashington va Nyu-Dehli o‘rtasidagi savdo bitimiga asosiy to‘siqlardan birini olib tashlashi mumkin.
Foto: Biju Boro/AFP
Reuters agentligining 23 oktyabr, payshanba kuni sanoat manbalariga tayanib xabar berishicha, Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari Rossiyaning eng yirik ikki ishlab chiqaruvchisiga qarshi AQShning yangi sanksiyalariga rioya qilish uchun Rossiya neftini sotib olishni sezilarli darajada kamaytirishga tayyorlanmoqda. Bu harakat Qo‘shma Shtatlar bilan savdo bitimiga asosiy to‘siqlardan birini olib tashlashi mumkin.
Hindiston hozirda Qo‘shma Shtatlarga eksport qilishda 50 foizlik tariflarga duch kelmoqda, ularning yarmi Rossiya neftini sotib olgani uchun qasos sifatida joriy qilingan. Nyu-Dehli Rossiyadan xom neft importini bosqichma-bosqich kamaytirish evaziga tariflarni boshqa Osiyo mamlakatlari bilan moslashtirishi mumkin bo‘lgan kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirishidan so‘ng, Hindiston chegirmali Rossiya neftining eng yirik xaridoriga aylandi va joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida kuniga taxminan 1,7 million barrel import qildi.
Reuters agentligiga vaziyatdan xabardor ikki manbaning xabar berishicha, eng yirik xususiy kompaniya va Rossiya nefti asosiy xaridori bo‘lgan Reliance Industries importni kamaytirish yoki butunlay to‘xtatishni rejalashtirmoqda. «Rossiya neft importi hajmlarini ko‘rib chiqish davom etmoqda va Reliance o‘z harakatlarini Hindiston hukumati ko‘rsatmalariga to‘liq moslashtiradi», dedi kompaniya vakili.
Masaladan xabardor manbaning so‘zlariga ko‘ra, davlatga tegishli Indian Oil Corp, Bharat Petroleum Corp va Hindustan Petroleum Corp ham AQSh sanksiyalari joriy etilgandan so‘ng "Rosneft" va "Lukoyl"dan to‘g‘ridan to‘g‘ri mahsulot yetkazib berilmasligini ta’minlash uchun shartnomalarni ko‘rib chiqmoqda.