O‘zbekiston | 21:15 / 24.10.2025
4155
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Belgiya qiroli Filipp bilan uchrashdi

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bryussel shahriga rasmiy tashrif doirasida 24 oktabr kuni Laken saroyida Belgiya qiroli Filipp bilan uchrashdi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qirol O‘zbekiston yetakchisining YeI rahbariyati bilan muzokaralarining yakunlarini yuksak baholab, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolangani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston – Belgiya munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Vazirlar darajasida faol muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda, ikki mamlakat parlamentlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan.

Madaniy-gumanitar hamkorlik mustahkamlanmoqda. Toshkent va Kortreyk, Samarqand va Lej shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi. Kortreykda buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning byusti ochildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Belgiya kompaniyalari O‘zbekistonda, xususan, to‘qimachilik, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. O‘tgan yili Toshkentda Benilyuks mamlakatlarining savdo palatasi ochildi.

Suhbat chog‘ida Belgiya kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish, shuningdek, madaniy tadbirlarni o‘zaro o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Mirziyoyev qirol Filippni tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Mavzuga oid