O‘zbekiston | 09:50 / 24.10.2025
5613
2 daqiqa o‘qiladi

Turar joy majmualarining nomi o‘zbek tilida bo‘lishi talabi qo‘yildi

Hukumat qaroriga binoan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab turar joy majmualarini qurishda obektning nomi davlat tilida bo‘lishi kerak. Shuningdek, bino pasporti, peshlavhasi, qurilish maydoni atrofidagi vaqtincha devor va to‘siqlardagi barcha yozuvlar ham o‘zbek tilida bo‘lishi talab etiladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 22 oktyabr kuni qurilish sohasiga oid yangi qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab:

  • turar joy majmualarini qurishda obekt nomi davlat tilida bo‘ladi hamda davlat tili qoida va talablariga rioya etilishi lozim;
  • qurilish obektlari loyihalari aks etgan bino pasporti, peshlavhasi, qurilish maydonlari atrofidagi vaqtincha devor va to‘siqlardagi barcha yozuvlar, shu jumladan reklama va e’lonlar matnlari davlat tilida yoziladi.

Avvalroq, O‘zbek tili bayrami arafasida qabul qilingan prezident qarori bilan, hokimlarning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgan edi.

Shuningdek, hukumatning boshqa bir qarori bilan, respublikadagi barcha temiryo‘l stansiyalari nomi davlat tili qoidalariga muvofiqlashtirilishi belgilandi.

Mavzuga oid