Ta’lim | 10:51 / 24.10.2025
3166
3 daqiqa o‘qiladi

Tyutorlarga qo‘yiladigan talablar belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Oliy ta’lim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Maqsad – talaba-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning shaxsiy va kasbiy shakllanishida bevosita ko‘maklashish, talabalar bilan individual ishlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishdan iborat.

Tyutorlarning asosiy vazifalari:

  • talabalarning ta’lim jarayoniga moslashishiga ko‘maklashish, axborot resurslaridan samarali foydalanish, ularning shaxsiy va kasbiy qiziqishlarini rivojlantirishga qaratilgan individual va guruh maslahatlarini o‘tkazish, talabalarni ichki tartib-qoidalar, axloq kodeksi va boshqa mahalliy hujjatlar bilan tanishtirish;
  • talabalarni vatanparvarlik, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, hayotga ishonch va qat’iyatlilik ruhida tarbiyalash;
  • talabalarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash;
  • nogironligi bo‘lgan talabalar, yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • talabalarning yashash sharoitlarini (talabalar turar joylarida, ijara, arenda va xususiy kvartiralarda) va talabalarning ijtimoiy (oilaviy) ahvolini muntazam nazorat qilish, talabalarning ota-onalari bilan doimiy aloqada bo‘lish.

Tyutorlik mehnat faoliyatining asosiy turi bo‘lib, uni amalga oshirish uchun quyidagilar talab etiladi:

  • oliy ma’lumotga (bakalavr darajasiga) ega bo‘lish (ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega bo‘lgan shaxslarga ustunlik beriladi);
  • qonun hujjatlariga muvofiq o‘qituvchilik faoliyati huquqidan mahrum etilmasligi;
  • ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar metodikasi va amaliyotini chuqur bilish, pedagogik va psixologik bilim va tajribaga ega bo‘lish;
  • namunali shaxsiy fazilatlarga, jumladan, madaniyat, mas’uliyat, faollik, vatanparvarlik va tashabbuskorlikka ega bo‘lish;
  • mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lish.

Ularga bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 1-3 kurs talabalaridan 120-150 nafari biriktiriladi. Shuningdek, tyutorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimi (KPI) ishlab chiqiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid