Iqtisodiyot | 16:48 / 25.10.2025
3139
2 daqiqa o‘qiladi

«Banklar soni bo‘yicha qandaydir target yo‘q» - Timur Ishmetov

Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, regulyator banklar sonini ma’lum bir darajaga yetkazishni maqsad qilmagan, balki raqobat muhitini yaxshilashni rejalashtiryapti. Bozorda raqobatni rivojlantirish uchun «fintex»ni qo‘llab-quvvatlash va islomiy moliya tizimini yaratishga e’tibor qaratiladi.

Foto: Kun.uz

24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov oxirgi yillarda yangi banklar ochilmayotgani haqidagi savolga javob berdi.

«Bozordagi raqobat juda ham katta masala, u bizning e’tiborimizda. Banklar soni bo‘yicha qandaydir target yo‘q. Ko‘proq sifat masalasida ishlashimiz kerak. Yetarli raqobatni ko‘rmayapmiz, hamma taxminan bir xil sharoitda ishlayapti. Bu yo‘nalishda o‘zgarishlar bo‘ladi degan umiddamiz», — dedi Markaziy bank raisi.

Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, bozorda raqobatni rivojlantirish uchun «fintex»ni qo‘llab-quvvatlash va islomiy moliya tizimini yaratishga e’tibor qaratilyapti.

«Hozir aksariyat «fintex»lar to‘lovlar bilangina shug‘ullanyapti. Lekin biz «fintex»ga banklarning ba’zi mahsulotlarini taqdim etishga ruxsat berish orqali raqobat muhitini keltirib chiqarmoqchimiz, bu variantlardan biri. Shuningdek, islom moliyasi bo‘yicha qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqilyapti. Bundan asosiy maqsad — bozorga resurs, investitsiya kirib kelishini ta’minlash. Bu qo‘shimcha imkoniyat», dedi u.

Mavzuga oid