Jamiyat | 19:10 / 25.10.2025
8982
5 daqiqa o‘qiladi

Temir xotin ishdan chiqdi, ayol chidayapti: tragikomediya haqiqati

Robot xotin ishdan chiqdi, ya’ni buzilib qoldi. Chunki u bir necha kun davomida o‘zbek ayoli umri davomida qilib kelgan vazifalarni bajarishga uringandi. Vaholanki, robot hech qachon charchamasligi, shikoyat qilmasligi kerak edi. Sharof Boshbekovning "Temir xotin" asari nafaqat ezilgan ayollar hayoti, balki butun jamiyat taqdirini aks ettiradi. "5 daqiqa"ning navbatdagi sonida shu haqida gaplashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qo‘chqor sodda, qo‘rs, lekin ko‘ngli toza inson. Katta shoirimiz Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda, “dunyoni bir ko‘lmak hovuz deb biladi”. Juda tor qarashlari bilan ko‘rganiga, eshitganiga ishonib yashab yurgan odam.

U mast bo‘lsa, butun mahallani oyoqqa turg‘azadi. Qo‘chqor ayoli Qumrining yuragi haqida o‘ylamaydi. Qumri mahalladoshlar yordamida erini daraxtga bog‘lab qo‘yadi.

Qumri mehrsizlikdan charchagan. U o‘zini emas, oilasini, bolalarini asrab qolish uchun otasinikiga arazlab ketadi.

Bu sahnada er-xotin munosabati kulgili ko‘rinsa-da, aslida o‘tkir ijtimoiy og‘riq yotadi. Yillar davomida yig‘ilgan og‘riq, charchoq va qadrsizlik bor.

Robot charchamaydi, shikoyat qilmaydi...

Olimjon o‘zining ilmiy yutug‘i - ayol qiyofasidagi robotni olib keladi. Unga Alomat deb ism qo‘yishadi. Olimjonning maqsadi - inson mehnatini yengillashtirish, ayollarning og‘ir yukini kamaytirish. U Qo‘chqorga shunday deydi:

“Bu temir xotin, ishdan charchamaydi, shikoyat qilmaydi, og‘riq sezmaydi, barcha ishni so‘zsiz bajaradi”.

Qo‘chqor avvaliga ishonmaydi, keyin qiziqish bilan qabul qiladi. Shu tariqa “Alomat” uning uyiga kirib keladi - hech qachon gap qaytarmaydigan, hech narsadan shikoyat qilmaydigan “mukammal” xotin sifatida. Qo‘chqor Alomatni, ya’ni robotni “nikoh”lab oladi.

Alomat ishga kirishadi: uyni tozalaydi, kir yuvadi, molga qaraydi, ovqat tayyorlaydi. Ammo unda hech qanday issiqlik, mehr va jon yo‘q edi. Qo‘chqor ilk kundayoq uning “sovuq qo‘llaridan” bezovta bo‘ladi. U shunday deydi:

“Xafa bo‘lmang-u, Alomatxon, shu, Qumrining qo‘llari qadoq bosib, yorilib ketgan bo‘lsayam bir nimasi bor edi-da... O‘sha nima ekan-a?”

Alomat inson hissini anglashga urinadi. U Qo‘chqorni gipnoz qiladi, “yig‘lash”ni o‘rgatmoqchi bo‘ladi. Qo‘chqor ilk marta o‘z dardini his qiladi: mehnat, haqorat, qadrsizlik - bu faqat ayollarning emas, butun xalqning, jamiyatning og‘rig‘i ekani namoyon bo‘ladi. Alomat unga ko‘zgu tutadi - kattalarning yonida bir marta minbarda o‘tirgani, hurmat taxtasidagi surati, Toshkentga borgani bilan faxrlanish, tinimsiz mehnat qilsa-da, biri ikki bo‘lmayotganini tahlil qilib beradi. Qo‘chqor shu nuqtada portlaydi.

U dosh bermadi...

Temir xotin ishdan chiqadi. Zo‘riqib buziladi.

Olimjon yig‘lab, “Siz uni o‘ldirdingiz!” deya Qo‘chqorni ayblaydi. Bir chaqirim naridan suv tashiydi, kir yuvadi, ochofat mollaringizni boqadi, xamir qiladi, tezak yoqib taom tayyorlaydi. Dalaga chiqadi, paxta teradi... uyingizda hech qachon ish tugamaydi. Axir bu do‘zax azoblariga qanday chidasin?! Uni avaylash kerak, ehtiyot qilish kerak!

Qo‘chqorning javobi esa falsafiy:

“Alomat bitta o‘zbek ayoli qiladigan ishning yarmini qildi, xolos!”

Bu jumla butun asar g‘oyasini ifoda etadi - o‘zbek ayoli temirdan ham baquvvat.

(Afsuski, shunday o‘ylaymiz, aslida ular baquvvat emas, shunchaki, chidashadi...)

U qaytdi...

Asar oxirida Qumri qaytib keladi. Erini yana bog‘langan holatda ko‘radi va mehr ko‘rsatadi. Qo‘chqor shunday deydi:

- Ko‘zlaring nimadan yasalgan, Qumri?

Bu so‘z - inson va texnika, muhabbat va sovuq aql, tiriklik va temir o‘rtasidagi falsafiy chegara.

Sharof Boshbekov “Temir xotin” orqali ilm va texnika hayotni yengillashtirsa-da, ammo mehr-muhabbat bera olmasligiga ishora qiladi. Shu bilan birgalikda o‘zbek jamiyatining juda katta fojiasi, turmush tarzini ochib beradi. Bu asarni ishonamanki, bir nafasda o‘qiysiz va juda ko‘p narsa olasiz.

Ushbu kitobni quyidagi havola orqali yuklab olib, to‘liq audio shaklda eshitishingiz mumkin.

Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid