Qorong‘i o‘rmondan bir yigit maymunni yetaklab chiqyapti. Yigit o‘ziga ishongan, nigohi kelajakka qaratilgan. U nimanidir boshqarayotgandek. U hayotni o‘z qo‘lida ushlab turganday. Yillar o‘tadi. Bu safar maymun o‘rmonga munkaygan cholni yetaklab borardi. Endi insonning qadamlari ishonchsiz, ko‘zlarda savollar qotib qolgan, javoblar esa yo‘q.  

5 daqiqa’ning navbatdagi sonida siz bilan Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi haqida gaplashamiz. Darvoqe, adabiyot ilmida romanga teng hikoyalar degan ibora tez-tez qo‘llanadi. Aynan shu iborani mazkur hikoyaga tatbiq qilsak o‘rinli bo‘lardi.

Asar voqealari mahallaga yangi ko‘chib kelgan yigitning tilidan hikoya qilinadi. U qo‘shni hovlida yashaydigan keksa rassom bilan tanishadi. Bu tanishuv oddiy qo‘shnichilik emas, balki bir inson umriga kirib borish eshigi edi. Yigit rassomning uyida yillar ketma-ketligida terib qo‘yilgan suratlarni ko‘radi. Ana shu suratlar orqali u qariyaning hayotini o‘qiy boshlaydi.

Ilk suratlarda ishonch va shijoat bor edi. Keyingi suratlarda mavhumlik kuchayib borardi. Oxirgi suratlarda esa umidsizlik hukmron edi. Shuning uchun bu suratlar oddiy san’at asari emas, inson umrining xaritasini eslatardi.

Birinchi va oxirgi suratlar ayniqsa, juda chuqur ma’no kasb etardi. Birinchi suratda yigit maymunni o‘rmondan yetaklab chiqadi. Aynan maymun hikoyaning asosiy kaliti hisoblanadi. Bu yerda maymun oddiy hayvon emas. U insonning ishonganlari, tanlangan yo‘l va e’tiqodi ramzi edi.

Asar voqealari ham aynan shu ramziy harakatga asoslangan. U uch bosqichdan iborat. Birinchi bosqich - yoshlik bosqichi. Bu surat 1921 yilga tegishli. Unda yigit maymunni yetaklab ketyapti. Bu davr yangi hayotga ishonilgan davr. Bu davrda inson o‘zini tarixni o‘zgartiryapman, deb o‘ylagan. Bu davrda inson o‘zini boshqaruvchi, deb hisoblagan. Shuning uchun bu surat iroda va e’tiqod ramziga aylanadi.

Ikkinchi bosqich o‘rta hayot bosqichidir. Bu davr juda mavhum. 1930-50 yillar suratlarida qora rang ko‘payib boradi. Manzaralarda odamlar yo‘qoladi. Qishloqlar bo‘shab qoladi. Tabiat qandaydir juda sovuqlashib ketadi. Bu o‘zgarish tasodif emas. Bu inson ishongan haqiqatlarning yemrilish belgisidir. Ilgari ravshan bo‘lgan yo‘llar endi tushunarsiz edi. Ilgari to‘g‘ri deb qabul qilingan qarorlar endi savol ostida qolgandi. Ana shu bosqichda inson birinchi marta o‘zini so‘roqqa tutadi: men haqiqatan to‘g‘ri yashadimmi?

Uchinchi bosqich qarilik, ya’ni fojiani anglash va tan olish bosqichidir.