Jahon | 21:28 / 27.10.2025
10188
4 daqiqa o‘qiladi

Akrom Imomo‘g‘liga josuslik aybi qo‘yildi

Foto: Reuters

Istanbul shahri meri Akrom Imomo‘g‘liga yangi ayblov qo‘yildi: bu safar unga qarshi «siyosiy josuslik» ishi ochildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi hisoblangan Imomo‘g‘li joriy yil martidan beri korrupsiya ishi bo‘yicha hibsda; yozda u Istanbul prokuroriga qarshi haqorat va tahdidlar ishi bo‘yicha 20 oylik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Siyosatchining o‘zi barcha ayblovlarni rad etgan.

Siyosiy josuslik ishi bo‘yicha tergov o‘tgan hafta boshlangan, deb xabar berdi Associated Press. Imomo‘g‘li joriy yilning iyul oyida hibsga olingan, go‘yoki xorijiy razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilgan tadbirkor bilan aloqada bo‘lganlikda gumonlanmoqda.

Xususan, Turkiyaning Anadolu davlat agentligi xabar berishicha, Istanbul meri 2019 yilgi saylovoldi kampaniyasini xorijdan moliyalashtirish evaziga shahar aholisi haqidagi ma’lumotlarni berishda ayblanmoqda.

Imomo‘g‘lidan tashqari, uning kampaniyasining sobiq menejeri Nejati O‘zkan va jurnalist, muxolifatdagi Tele 1 telekanali rahbari Merdan Yanardag‘ga ham ayblov qo‘yilgan.

Hurriyet Daily News xabariga ko‘ra, telekanal davlat nazoratiga olingan, uning YouTube kanali yopilgan.

Imomo‘g‘li 26 oktyabr kuni sudda yangi ish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. U josuslik ayblovlarini ham rad etdi.

«Mening fikrimcha, josuslik – bu xiyonat. Rimni yoqib yuborishda ayblanishim bundan ko‘ra reallikka yaqinroq bo‘lardi», – deya uning so‘zlarini keltiradi turk nashrlari.

Sud binosi oldida merning yuzlab tarafdorlari to‘plandi. Associated Press xabariga ko‘ra, Imomo‘g‘li yetti oy ichida birinchi marta Istanbul chekkasidagi qamoqxonani tark etgan.

Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP) vakili Imomo‘g‘li 2019 yilda Istanbul merligi uchun saylovda g‘alaba qozongan. Avvaliga natijalar bekor qilingandi, ammo u takroriy saylovda yanada kattaroq ustunlik bilan g‘alaba qozongandi.

CHP 2024 yilgi munitsipal saylovlarda yana birinchi o‘rinni egalladi, ekspertlar hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) nomzodining mag‘lubiyatini «Erdo‘g‘anning tarixdagi eng yirik mag‘lubiyati» deb atadi.

Imomo‘g‘lining Istanbul meri sifatidagi vakolati 2025 yil mart oyida korrupsiyada gumonlanib hibsga olinganidan keyin to‘xtatilgan edi.

Imomo‘g‘li 2028 yilga rejalashtirilgan prezidentlik saylovlarida Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi bo‘lishi kutilgan. Siyosatchi o‘z partiyasining 2028 yilgi prezidentlik saylovlari uchun nomzodi sifatida ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan ichki saylovlardan biroz oldin qo‘lga olindi. Jumhuriyat xalq partiyasi baribir Istanbul merini o‘z nomzodi sifatida tanladi.

Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi – 100 dan ortiq odam, jumladan, ko‘cha aksiyalarini yoritgan BBC muxbiri Mark Louen qo‘lga olindi, keyinchalik u Turkiyadan deportatsiya qilindi.

Imomo‘g‘lining tarafdorlari uning ta’qib qilinishini siyosiy deb hisoblaydi va turk adliyasining mustaqilligiga ishonmaydi.

Mavzuga oid