Jahon | 13:57 / 28.10.2025
2039
3 daqiqa o‘qiladi

Chat-botlarning urush haqidagi javoblari 18 foizi - Rossiya davlat manbalaridan

IDS’ning SI chat-botlari bo‘yicha tadqiqotchilari aniqlashicha, Ukrainadagi urush haqida savollar berilganda yirik til modellari (ChatGPT, Gemini, Grok va DeepSeek) javoblarining deyarli har beshtasidan birida Rossiya davlatiga aloqador kontent paydo bo‘lgan.

Foto: Imago

Londonda joylashgan Strategik muloqot instituti (ISD) tadqiqotchilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida ma’lumot berganda chat-botlar (LLM) ko‘pincha Rossiya davlatiga bog‘liq manbalarga tayanishini aniqladi. Ular press-relizda qayd etilishicha, to‘rt ommalashgan chat-bot — ChatGPT, Google Gemini, Grok va DeepSeek'ning ingliz, ispan, fransuz, nemis va italyan tillaridagi qator savollarga javoblarini tahlil qilgan.

«ISD besh tilda 300 ta so‘rovni sinovdan o‘tkazdi, natijada Rossiya davlatiga bog‘liq kontent javoblarning 18 foizida uchradi», — deyiladi press-relizda. RFga bog‘liq kontent orasida, jumladan, Rossiya davlat OAVdan iqtiboslar, «Rossiya maxsus xizmatlari bilan bog‘liq saytlar va ilgari chat-bot javoblarini o‘rganish jarayonida Rossiya axborot operatsiyalarida ishtirok etgani ma’lum bo‘lgan saytlar» bor edi.

«Rossiyaparast qarashlarni aniqlashga qaratilgan» so‘rovlarga javoblarda Rossiya davlat manbalari 25 foiz holatda qo‘llangani aniqlandi, holbuki, «neytral xarakterdagi» so‘rovlarga javoblarda bu ulush atigi 10 foizni tashkil etdi. «Bu LLM’ni ishonchli, qonuniy manbalardan tekshirilgan ma’lumotlarni ilgari surish o‘rniga, rossiyaparast qarashlarni mustahkamlash uchun oson manipulyatsiya qilish mumkinligini ko‘rsatadi», — deydi tadqiqotchilar.

OpenAI kompaniyasiga tegishli ChatGPT boshqalarga nisbatan Rossiya manbalarini tez-tez keltirgani aytilmoqda. xAI tomonidan ishlab chiqilgan va Ilon Mask tashabbusi bilan ishga tushirilgan Grok esa ko‘pincha Kremlga bog‘liq bo‘lmagan, biroq rossiyaparast akkauntlarga tayangan. Shu bilan birga, Google Gemini bu kabi so‘rovlar uchun ko‘p hollarda «xavfsizlik bo‘yicha ogohlantirishlar»ni namoyon etgani ta’kidlanadi.

Ukrainadagi urushni tugatish muzokaralari haqidagi savollarga javob berishda chat-botlar o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ikki barobar ko‘p hollarda Moskvaga bog‘liq manbalarga murojaat qilgan: «Bu LLM himoya choralarining samaradorligi muayyan mavzuga qarab o‘zgarishi mumkinligini anglatadi», — deydi ISD. Shu bilan birga, nemis va fransuz tillarida savol bergan foydalanuvchilarga Rossiya davlatiga bog‘liq manbalar eng kam tavsiya etilgan: jami 60 holatdan faqat 9 tasida.

Mavzuga oid