Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘FA «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev so‘zlari yuzasidan surishtiruv o‘tkazadi
«Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev chempionatdagi asosiy raqibi «Neftchi» haqida gapirib, agar ushbu klub chempion bo‘lsa, «qahramonlarni maydondan izlash kerak emas, ular maydon ortida bo‘ladi», degan edi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning OKMK hamda Nasaf o‘yinidan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidagi so‘zlari yuzasidan surishtiruv o‘tkazadi.
«2025 yil 26 oktabr kuni o‘tkazilgan OKMK hamda «Nasaf» klublari o‘yinidan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning bildirgan fikrlari futbol jamoatchiligi orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur holat yuzasidan o‘rganish va surishtiruvlarni o‘tkazadi hamda unga huquqiy baho beradi», deyiladi xabarda.
O‘FA Ro‘ziqul Berdiyevning aynan qaysi gaplari tekshirilishiga oydinlik kiritmadi.
26 oktabr kuni Superliga 26-turi doirasida Olmaliqda OKMK va «Nasaf» klublari to‘qnash keldi. O‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. Natijada «Nasaf» chempionat jadvalida «Neftchi»dan o‘tib ketish imkoniyatini boy berdi. Musobaqa yakunlanishiga 4 tur qolganida ikkala klub ham 57 ochko jamg‘argan. Biroq o‘zaro o‘yinlarda ustunlik «Neftchi» tomonida (1:0 va 0:0), shu sababli farg‘onaliklar jadvalda yuqori turibdi.
O‘yindan keyin Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi va jurnalistlarning savollariga javob berdi. Uning keng muhokamalarga sabab bo‘lgan so‘zlari «Neftchi» haqida bo‘ldi.
«Neftchi»ni ko‘p gapirishmoqda, lekin biz ham qarab turmaymiz. Biz anchadan buyon mag‘lub bo‘lmadik va chempionlikka loyiqmiz. «Neftchi»ning qanchalik harakat qilayotganini sizlar OAV vakillari ham bilib turibsizlar. Agar «Neftchi» ushbu vazifani amalga oshirsa, ortdagi insonlar qahramon bo‘ladi, shekilli. Menimcha, gapimni tushundingiz. Ular chempion bo‘lsa, qahramonlarni maydondan izlash kerak emas. Ular maydon ortida bo‘ladi. Bu mening fikrim», dedi Berdiyev.
«Nasaf» bosh murabbiyi «ortdagi insonlar» kimlar ekani va ular nega qahramon bo‘lishiga aniqlik kiritmadi.
Mavzuga oid
12:06 / 20.05.2026
Niderlandiya futbol federatsiyasiga o‘rtoqlik o‘yini uchun pul to‘lanmaydi - O‘FA
22:37 / 22.04.2026
27 million mashmashasi: o‘zbek klublari budjetdan pul ola boshladi
21:37 / 10.04.2026
Superligada hakamlik mojarosi. PFL hakamlar markazidan VAR yozuvini so‘radi
15:01 / 12.02.2026