Jahon | 18:08 / 28.10.2025
11385
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Ismoil Somoniy muzligining katta qismi uzildi

Uzilgan muzning uzunligi taxminan 2 kilometr, balandligi 25 metr va kengligi 150-200 metrga baholanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va katta vayronagarchiliklar bo‘lmagan.

Foto: Aleksandr Mashkov

Tojikistonning Tojikobod tumanida Ismoil Somoniy cho‘qqisidagi muzlikdan katta miqdordagi muz ajralib ketdi, deb xabar berdi respublika Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasiga (FVQ) tayanib Asia-Plus.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 25 oktabr kuni soat 11:00 atrofida Safedobi qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.

Muzlikning ajralgan qismi dara bo‘ylab siljigan, biroq soat 14:00 ga kelib vaziyat to‘liq nazoratga olingan.

Uzilgan muzning uzunligi taxminan 2 kilometr, balandligi 25 metr va kengligi 150-200 metrga baholanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va katta vayronagarchiliklar bo‘lmagan.

Shunga qaramay, mutaxassislar uzoq davom etgan yomg‘irlar va yangi muzliklarning yorilishi tufayli Gulrez qishlog‘ida dehqonchilik xavf ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Ta’kidlanishicha, mahalliy hokimiyat va qutqaruv xizmatlari vaziyatni kuzatishda davom etmoqda va har qanday o‘zgarishlarga zudlik bilan javob berishga tayyor.

Ismoil Somoniy muzligi Tojikistonning baland tog‘laridagi yirik muzliklardan biridir. Mutaxassislar uzilishni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda, bu esa mintaqada tabiiy ofatlar xavfini kuchaytiradi. Muzliklarning qisqarishi uzoq muddatli istiqbolda jiddiy ekologik va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda.

Ushbu hodisa iqlim o‘zgarishi va uning muzliklar hamda mintaqa ekologiyasiga ta’siri masalalariga e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi.

Ayni paytda voqealarning keyingi rivojini baholash va halokatli oqibatlarning oldini olish bo‘yicha ehtimoliy chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid