Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Hatto Bayden jazm qilmagan» sanksiyalar: Rossiya neftiga taqiq haqida
AQSh Rossiya neft sektoriga nisbatan sanksiya joriy qildi. Hozircha «qora oltin» bozori «aqldan ozmadi», rubl kursi ham joyida. Lekin vaziyat Rossiya uchun yaxshi ham emas.
5,2 mlrd dollar zarar
Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddatida e’lon qilgan ilk sanksiyalari Rossiyaning urushni moliyalashtiruvchi asosiy manbasi bo‘lmish neft sektoriga qaratildi. «Rosneft» va «Lukoyl» aksiyalari sanksiya joriy qilinganidan ko‘p o‘tmay jiddiy qadrsizlandi. Bu ikki kompaniya kapitalizatsiyasi umumiy 5,2 milliard dollarga arzonlashdi. Rossiya neft eksportining yarmidan ko‘pi shu ikki shirkat hissasiga to‘g‘ri keladi.
«Lukoyl»ning 28 foiz aksiyalariga egalik qiladigan Rossiyaning eng boy odami Vagit Alepkerov sanksiya joriy qilinganidan keyin ikki kun ichida milliard dollar zarar ko‘rdi. AQSh sanksiyalari nafaqat «Rosneft» va «Lukoyl»ga, balki ular qoshidagi butun dunyodagi 34 ta kompaniyaga tegishli ekani muammoni qiyinlashtiradi. Endi ikkilamchi sanksiyalardan qo‘rqqan kompaniyalar bu shirkatlar bilan ishlashdan bosh tortishi mumkin.
«Lukoyl» allaqachon sanksiya sabab xorijiy aktivlarini sotishini e’lon qilib bo‘ldi. Sanksiyalar dastlabki «natijasini bera boshladi»: Reutersʼga ko‘ra, Xitoy davlat neft kompaniyalari Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatgan. Hindiston ham mamlakatdagi energiya kompaniyalari «Lukoyl» va «Rosneft»dan xomashyo sotib olmasligini ma’lum qildi. Rossiya neftining ikki asosiy xaridori Xitoy va Hindiston ekani inobatga olinsa, Moskvada muammolar yuzaga kelishi aniq.
«Hatto Bayden jazm qilmagandi»
Jahon OAVlari Trampning bu sanksiyalariga «hatto Bayden jazm qilmagan sanksiyalar» deb ta’rif bermoqda. Chindan Bayden Putin uchun eng muhim bo‘lgan neft sektoriga sanksiya kiritmagan, bu Rossiya prezidentini g‘azablantiradi deb hisoblagandi. Lekin mana, hech nima bo‘lgani yo‘q, Putin bamaylixotir Kremlda mahalliy chinovniklar bilan uchrashib yuribdi.
Tramp sanksiyalarga amal qilinishini obdan kuzatib borishga va’da berdi. Hatto bu masalani Si Jinping bilan ertaga o‘tadigan uchrashuvda ham muhokama qilmoqchi. Rossiya anchadan beri sanksiya ostida yashab, ularni aylanib o‘tishning «piri bo‘lib ketgan». Masalan, yashirin flot yordamida. Biroq AQSh chindan nazoratni kuchaytirsa, bunday aylanib o‘tish usuli ish bermasligi mumkin. Balki Tramp Xitoy raisi bilan uchrashuvda unga Rossiya neftini sotib olmaslik hisobiga bojlarni yengillashtirishni taklif qilar. Axir Tramp bekorga Si bilan uchrashuvi arafasida sanksiya joriy qilgani yo‘q-ku.
Lekin...
Yana bir jihatni esdan chiqarmaslik kerak. Tramp hozir Hindiston va Xitoyni Rossiya neftini sotib olishdan voz kechishga majbur qilmoqchi. Biroq bu ikki davlat dunyodagi eng yirik neft iste’molchilari sifatida Rossiya neftining o‘rnini nima bilan to‘ldiradi? Hindlar mashinasiga benzin quymaydimi? Dunyoda neft oshib-toshib yotgani yo‘q, Rossiya neftining o‘rnini bosish deyarli imkonsiz. Ruslar buni bilgani uchun ham xotirjam.
Rossiya dunyo bozoriga juda ko‘p miqdorda neft olib chiqadi. Bunday yirik ishlab chiqaruvchi bozordan uzilib qolsa, narx-navo «osmonga chiqib ketadi». Tramp sanksiyalari sabab butun dunyoga sharmanda bo‘lishni istamaydi. Tabiiyki, AQSh prezidenti neft sektoriga kiritilgan cheklovdan Rossiyaga bosim qilish uchun foydalanmoqchi. Xitoy raisi bilan uchrashuvda bu masala, albatta, ko‘tariladi.
AQSh va Xitoy Rossiya qatnashayotgan urushni Rossiyasiz muhokama qilishining o‘zi Putin uchun og‘riqli ekanini aytgandik. Endi bu ikki gigant davlat Rossiya nefti masalasini ham Rossiyasiz muhokama qilmoqchi. Bir vaqtlar Rossiya dunyodagi eng muhim mavzular, ayniqsa o‘ziga aloqador mavzular muhokamasini chetdan tomosha qilishini tasavvur qilish qiyin edi. Biroq urush hammasini o‘zgartirib yubordi...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.