Jahon | 19:20 / 30.10.2025
17848
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning bir qator hududlarida 2026 yilda migrantlar uchun patent qimmatlaydi

Mahalliy ma’muriyatlar chet el fuqarolari uchun patent to‘lovlarini oshirish orqali hududiy budjetlar daromadini ko‘paytirmoqchi.

Foto: mskagency.ru

2026 yil 1 yanvardan Rossiyaning ko‘plab hududlarida mehnat migrantlari uchun patent narxi oshadi. Bir qator sub’yektlar allaqachon jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JShDS) bo‘yicha qat’iy belgilangan avans to‘lovi yoki patent uchun oylik to‘lov miqdorini hisoblash uchun qo‘llaniladigan yangi koeffitsiyentlarni e’lon qildi, deb xabar berdi Asia-Plus.

Mahalliy ma’muriyatlarning ta’kidlashicha, chet el fuqarolari uchun patent to‘lovlarining oshirilishi hududiy budjetlar daromadini sezilarli darajada ko‘paytirish imkonini beradi.

Shunday qilib, Tyumen viloyatida patent narxi 22 foizga oshadi va yangi yildan boshlab 11 471 rublni tashkil etadi. Joriy yilda ushbu mintaqada patent narxi 9385 rublni tashkil etdi.

Kamchatka o‘lkasida mehnat migrantlari uchun patent narxi 9 mingdan 13,8 ming rublgacha oshadi. Tegishli qonun o‘lka qonunchilik majlisi deputatlari tomonidan qabul qilingan, unga ko‘ra, xorijiy ishchilar uchun hududiy koeffitsiyent 2,9 dan 4,1 ga oshirilmoqda.

Irkutsk viloyatida 2026 yil 1 yanvardan boshlab patent uchun oylik to‘lov miqdori 12 ming rubl etib belgilandi. Hozir bu hududda patent 11 ming rubl turadi.

Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatida mehnat migrantlari uchun patent narxi hozirgi 6000 dan 8000 rublgacha oshadi. Ushbu mintaqalar ma’muriyati patent narxini oshirish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qildi.

Novosibirskda chet el fuqarolari uchun patent narxi 10 860 rublgacha ko‘tariladi, bu 2025 yilga nisbatan 11 foizga (yoki 954 rublga) ko‘pdir. Rasmiylarga ko‘ra, patent narxining oshishi viloyat budjetiga qo‘shimcha 2,5 milliard rubl keltiradi.

Krasnodarda patent narxi taxminan 59 foizga oshadi va 2026 yildan boshlab 27 ming rublni tashkil qiladi.

Sverdlovsk viloyati hukumati, shuningdek, ishlaydigan chet el fuqarolari uchun oylik to‘lovni 7500 rubldan 9500 rublgacha oshirishga qaror qildi. Prognozlarga ko‘ra, o‘sish viloyat budjetiga qariyb 4 milliard rubl qo‘shimcha daromad keltiradi.

Primore o‘lkasi parlamenti 2026 yildan patent narxini 13 800 rublgacha oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ta’kidlash joizki, Rossiyaning aksariyat hududlarida mehnat migrantlari uchun patent narxi har yili oshib bormoqda. Oylik to‘lov miqdori mintaqaga qarab farq qiladi.

Patent migrantlarga muayyan hudud va faoliyat sohasida ishlash huquqini beradi. Patent olish uchun migrantlar taxminan 30 ming rublga tushadigan hujjatlar to‘plamini yig‘ishi kerak.

Oylik to‘lovni to‘lamaganlik uchun ular Rossiyada bo‘lish huquqidan mahrum qilinishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.

Mavzuga oid