Jahon | 22:31 / 30.10.2025
16460
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning migratsiya siyosati: integratsiya emas, begonalashtirish...

Rossiya – imperialist davlat, shu bilan birga natsionalist ham. Lekin bu ikki tanlov aslida bir-biriga zid ekanini Putin Rossiyasi anglay olmayapti. Chunki imperiya bo‘lishni tanlagan davlatlar – masalan AQSh – o‘zini boshqa millatlar uchun jozibador qilib ko‘rsatishga intiladi. Rossiya esa aksincha, ham jamiyat darajasida, ham davlat darajasida ksenofobiya va migrantofobiya bilan to‘yinib bormoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

RF prezidenti Vladimir Putin migratsiya bo‘yicha yangi konsepsiyani tasdiqladi. Bu konsepsiya 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan. Uning asosiy maqsadlari bir nechta: noqonuniy migratsiya bilan kurashish, etnik anklavlar paydo bo‘lishini oldini olish, migrantlar oilalari va farzandlarining Rossiyada yashashini nazoratga olish, migrantlar ustidan raqamli va muttasil nazorat yaratish, rus tili va tarixini o‘rganish borasidagi talablarni yanada qattiqlashtirish va hokazo.

Nega biz Rossiyadagi jarayonlarni jiddiy kuzatishimiz, tahlil qilib borishimiz muhim? Rossiya – biz o‘zbekistonliklar, Markaziy Osiyo davlatlari uchun – abadiy omil: u bo‘lgan, bor va saqlanib qolaveradi. Rossiyaga bog‘liqlik bizning tanlovimiz yoki irodamiz bilan bo‘lmadi. Chor imperiyasi bizni o‘ziga kuch bilan ko‘shib olgandi. Haliga qadar jamuljam xorijiy davlatlarning mintaqamizga ta’sirini tarozida o‘lchasak, Rossiya bilan iqtisodiy munosabatlar, uning axborot ta’siri, transport-logistika bog‘liqliklari, migratsiya va emigratsiya, tarixiy-gumanitar aloqalar va hokazolar hisobiga Rossiyaning ta’siri mutlaq tosh bosadi.

Garchi keyingi yillarda mintaqa davlatlarining birinchi savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib Xitoy Xalq Respublikasi maydonga chiqqan va Rossiya ikkinchi o‘ringa tushib qolgan bo‘lsa-da, qolgan parametrlarga ko‘ra Rossiya bilan aloqalar jamiyatlar, insonlar darajasida ham Rossiya hisobiga jiddiy tosh bosadi. Rossiyada kechayotgan siyosiy jarayonlar, qarashlar, kayfiyatlar mintaqamizga jiddiy ta’sir qiladi, odamlarning, elitalarning qarashlarida o‘z aksini topadi.

Rossiya – demografik jihatdan juda tez so‘nayotgan davlat. Keyingi yillardagi yillik aholi qisqarishi yarim milliondan oshadi. Rossiyaning mehnat muxojirlariga bo‘lgan ehtiyoji – juda katta. Rossiya Savdo-sanoat palatasi raisi Aleksandr Shoxinning so‘zlariga ko‘ra, hozirning o‘zida Rossiyaga 3 milliondan ortiq ishchilar yetishmaydi. Rossiyaning boshqa mutasaddilari esa, kamida 4 million ishchi yetishmasligi haqida aytishadi.

Rossiya Federatsiyasi – dunyo davlatlari ichida o‘zining iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash uchun xorijdan katta miqdordagi mehnat muxojirlarini qabul qilib oladigan AQShdan keyingi ikkinchi yirik davlat. AQShning aholisi 340 millionni tashkil qiladi va shundan 48 millioni xorijda tug‘ilgan. Demak, Amerikaning taxminan 14 foiz aholisini migrantlar tashkil qiladi.

Rossiyada esa, 2010 yillarda jami 9 milliondan ortiq xorijlik migrant ishlar edi. Shu migrantlar ichida eng katta guruhni o‘zbekistonliklar tashkil qilardi. Ko‘p yillar davomida Rossiyada ishlab kelgan vatandoshlarimizning soni o‘rtacha 3,5–4,5 millionni tashkil qilib keldi. Bu raqamlardagi farq mavsumiy ishlar bilan bog‘liq bo‘lib, erta bahorda Rossiyaga ishlashga kelgan o‘zbekistonliklar, qishga kelib ma’lum qismi vataniga qaytardi. Keyingi yillarda esa Rossiyada ishlayotgan vatandoshlarimiz soni keskin kamaydi. Buning sabablari: Ukraina urushiga tortilish xavfi, bu davlatdagi iqtisodiy tushkunlik, qolaversa – o‘sib borayotgan ksenofobiya, migrantofobiya.

Rossiya, markazlashgan qattiq avtoritar davlat sifatida, keyingi ikkita o‘n yillik mobaynida muttasil dushman obrazi, dushman qiyofasini yaratish, bo‘rttirish va shu dushmanga qarshi davlat va jamiyatni birlashtirishni asosiy siyosiy texnologiya sifatida qo‘llamoqda. Bugun rossiyaliklarga taqdim qilinayotgan asosiy dushman obrazlari, bular – Ukraina, kollektiv g‘arb va ishchi migrantlar. Aynan himoyasiz migrantlarga kelganda, Rossiya davlati va jamiyati o‘zining nafratini kanallashtirishga qulay obraz topgandek bo‘ladi.

Yuqoridagi migratsiya konsepsiyasiga ko‘ra, bundan keyin migrantlarning farzandlari Rossiya maktablariga qabul qilinishlari uchun rus tilini bilishi talab qilinadi. Eng qizig‘i, migrantlarning farzandlari rus tilini bilish testini topshirishlari uchun ham bir dunyo hujjatlar talab qilinadi. Mustaqil faollarning aytishicha, bunday testlardan maqsad – migrantlarning farzandlari maktablarga qabul qilinishining oldini olish, ularni vataniga qaytib ketishga undash. Butun dunyoda migrantlar va ularning farzandlarini intergarsiya qilishga, assimilyatsiya qilishga harakat qilinsa, til o‘rganishni rag‘batlantirsa, Rossiyada – teskarisi. Maktabga borish uchun qattiq to‘siqlar yaratilmoqda.

Rossiya siyosatchilari, elitasi o‘zlarini imperiya davomchilari sifatida ko‘rishadi. Lekin imperiyalarning asosiy xususiyati – boshqalarni begonalashtirmaydi, boshqalarga qulay sharoit yaratishadi va imperiya ichida qulay yashashlarini ta’minlashadi. Rossiya esa atrofdagi xalqlar, millatlar, davlatlarga nisbatan o‘zini imperiya sifatida tutadi, bir vaqtda millatchi davlat sifatida fikrlayapti va siyosat olib borayapti. Bu ziddiyat Rossiyaning o‘zi uchun, uzoq muddatli manfaatlari uchun ham salbiy oqibatlar olib kelib boshlagan.

O‘zbekiston – demografik katta energiyaga ega davlat. Bu – O‘zbekiston davlatchiligining, jamiyatining, xalqining muhim qudrat parametri hisoblanadi. Biz bugun nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik davlatmiz, balki post-sovet mintaqasidagi Rossiyadan keyingi ikkinchi yirik davlatmiz.

O‘zbekiston aholisining o‘sishi va Rossiyaning demografik qisqarishi sur’atlari hozirgi tempda ketsa, asrimiz oxiriga borib vaziyat butkul boshqacha bo‘ladi, ya’ni aholi soni bo‘yicha o‘rtadagi farq nihoyatda kichiklashadi.

Hozir O‘zbekiston nafaqat jadal ravishda demografik kuchaymoqda, balki mamlakatimizdagi inson kapitali ham o‘sib boryapti. Rossiyani esa, turgan gapki, bunday yo‘ldan boryapti deb bo‘lmaydi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid