Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Britaniya universiteti bilan hamshiralik bo‘yicha qo‘shma dastur joriy etiladi
Elchixona ko‘magida London South Bank University (LSBU) va O‘zbekiston Hamshiralar akademiyasi o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar hamshiralik ishi bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturini joriy etish va o‘qituvchi-professorlar uchun malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yishga kelishdi.
«Dunyo» AA xabariga ko‘ra, mamlakat elchixonasi tashabbusi va ko‘magida LSBU hamda O‘zbekiston Hamshiralar akademiyasi rahbariyati ishtirokida onlayn muzokara bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hamshiralik faoliyati bo‘yicha o‘quv dasturlarini milliy standartlarga mos holda joriy etish, o‘qituvchi-professorlar tarkibi uchun malaka oshirish kurslari, metodik qo‘llanmalar almashinuvi va tajriba amaliyotlari masalalari muhokama qilindi.
Xorijiy sherikka Akademiyaning ta’lim yo‘nalishlari va amaliy bazasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Muzokaralar yakunida qo‘shma o‘quv dasturini amaliy bosqichga chiqarish, kadrlar tayyorlash sifatini xalqaro mezonlar asosida oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: 1892 yilda tashkil etilgan LSBU da hozirda taxminan 18 ming talaba tahsil oladi, 1,7 mingga yaqin professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Universitet sog‘liqni saqlash, amaliy fanlar, muhandislik, biznes, huquq va ijtimoiy fanlar bo‘yicha ta’lim beradi.