Jahon | 09:47 / 31.10.2025
5336
5 daqiqa o‘qiladi

Luvrdagi o‘g‘rilik bo‘yicha yana besh gumondor qo‘lga olindi

O‘g‘irlangan buyumlar hali topilmayapti.

Foto: Bloomberg via Getty Images

Fransiya politsiyasi chorshanba kuni Luvrga o‘g‘irlikka tushishda gumon qilingan yana besh kishini qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda mahalliy OAV Parij prokurori Laura Bekkoga tayanib. Shu tariqa, shov-shuvli ish bo‘yicha qo‘lga olinganlar soni yetti kishini tashkil etmoqda. O‘g‘irlangan qimmatbaho buyumlar esa hali topilgani yo‘q.

Prokuror RTL radiostansiyasiga aytishicha, qo‘lga olinganlardan biri jinoyat joyida qoldirilgan DNK izlari orqali topilgan. AFP o‘z xabarida uni asosiy gumondor deb atagan.

«Biz uni ko‘z ostimizga olib qo‘ygandik, – dedi Bekko. – Hibsga olingan boshqa shaxslarga kelsak, ular o‘sha kuni nima bo‘lgani haqida ma’lumot bera oladigan odamlardir».

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar haqida qo‘shimcha ma’lumot berishga hali erta.

Oxirgi qo‘lga olish tadbirlari mazkur ish doirasida oldinroq ushlangan ikki figurantga chorshanba kuni o‘g‘irlik va jinoiy til biriktirish bo‘yicha ayblov qo‘yilganidan keyin sodir bo‘ldi, deb yozadi AFP.

Ular o‘tgan shanba kuni qo‘lga olingan, ulardan biri mamlakatni tark etib, Jazoirga uchib ketmoqchi bo‘lgandi. Xabar qilinishicha, ular aybini qisman tan olgan.

Luvrdagi o‘g‘rilik 19 oktyabr kuni sodir bo‘lgandi – dunyodagi eng ko‘p mijoz tashrif buyuriladigan muzeydan 88 million yevrolik (100 million dollardan ortiq) tarixiy boyliklar o‘g‘irlangan. O‘g‘irlikda bevosita to‘rt kishi ishtirok etgan.

Payshanba kungi qo‘lga olishlar Parij va uning atrofida, xususan, Sen-Sen-Deni departamentida amalga oshirilgan.

«Politsiya tomonidan kechki va tungi vaqtlarda o‘tkazilgan tintuvlar o‘g‘irlangan boyliklarni topishga yordam bermadi», – dedi prokuror va «tergov ishlari tobora kuchaytirilayotgani»ni ta’kidladi.

«Tergov sekin-astalik bilan, bosqichma-bosqich gumonlanuvchilar doirasini toraytirmoqda va barcha aloqadorlarni aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda», – deya ta’kidladi Bekko.

«Men ular [qimmatbaho buyumlar] topilishi va Luvrga hamda millatga qaytarilishiga umid qilaman. Bu taqinchoqlarni hozir sotishning iloji yo‘q, albatta. Ularni qaytarishga hali kech emas».

U, shuningdek, qimmatbaho buyumlar qo‘lida bo‘lganlarga murojaat qilib, agar ular ixtiyoriy ravishda qaytarilsa, «sudlar o‘g‘irlik hech qanday zarar keltirmaganini inobatga olishi aniqligi»ni aytgan, deb yozadi Reuters.

Parij prokurori Laura Bekko
Foto: AFP via Getty Images

Avvalroq Bekko dam olish kunlari bosqinchilikda ayblanib qo‘lga olingan ikki erkak jinoyatga aloqadorligini «qisman tan olgani»ni ma’lum qilgandi.

«Tergovchilar gumonlanuvchilardan biri Jazoirga uchib ketmoqchiligini, ayniqsa, qaytish chiptasi yo‘qligini bilishi bilanoq tergov tezlashganini yashirmayman. O‘sha paytda, albatta, qo‘lga olish operatsiyasini tezlashtirishga majbur bo‘ldik», – dedi u.

Shanba kuni Fransiyada yashagan 34 yoshli Jazoir fuqarosi (u qochish uchun foydalanilgan skuterda topilgan DNK izlari orqali aniqlangan), shuningdek, Parij chekkasida yashovchi, litsenziyasiz 39 yoshli taksi haydovchisi qo‘lga olingandi.

Ikki erkak ham allaqachon o‘g‘irlik sodir etgani uchun politsiya e’tiborida bo‘lgan. Hozirda ular sud jarayonidan oldin hibsga olingan.

Prokuratura o‘tgan hafta tergovchilar «150 ta DNK namunasi, barmoq izlari va boshqa dalillar»ni o‘rganayotganini ma’lum qilgandi.

Bekkoning so‘zlariga ko‘ra, jamoat va xususiy kuzatuv kameralari tufayli detektivlar o‘g‘rilarni kuzatishga muvaffaq bo‘lgan, ularning ba’zilari o‘g‘irlik paytida balaklav va yorqin nimchalarda harakatlangan.

Prokuror muzey xodimlarining o‘g‘irlikka aloqadorligini istisno etgan.

Mavzuga oid