Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Putin Pokrovskka bormoqchi ekan». Frontda nima gap?
Tramp va Putin uchrashuvi bekor bo‘lganidan keyin Ukrainadagi urushda front ancha faollashib qoldi. Rossiya Ukrainaning yana bir nechta shaharlarini bosib olgani, u yerda minglab VSU harbiylari qurshovda qolganini aytmoqda. Kiyev ham Rossiya hududida amalga oshirilgan navbatdagi diversiya haqida xabar berdi. Quyida shu haqda.
Putin Pokrovskka OAVni kiritmoqchi
Shu kunlarda Rossiya prezidenti Putin qiziq bayonot bilan chiqdi. Uning aytishicha, Rossiya Ukrainaning Kupyansk va Pokrovsk shaharlarida ko‘plab VSU harbiylarini qurshovga olgan. Putin bu shaharlarga xorijiy va ukrainalik jurnalistlar kirib-chiqishi uchun 5-6 soatga urushni to‘xtatishga rozi ekan.
«Tegishli guruhlar qo‘mondonlari bilan bu masalani muhokama qildim. Ular dushman o‘rab olingan hududlarga xorijlik va ukrainalik jurnalistlar kirib, vaziyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishiga qarshi emas», dedi Putin.
26 oktyabr kuni Rossiya qurolli kuchlari shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov Putinga 5500 minggacha ukrainalik harbiy qurshovda qolgani haqida hisobot bergandi.
«Putin Pokrovskka bormoqchi ekan»
Rossiya tomonining bu bayonoti fonida Ukraina prezidenti Zelenskiy harbiy rahbariyat bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Zelenskiyning aytishicha, Putin Pokrovskka bormoqchi ekan. «Buni faqat olqishlar bilan kutib olamiz. Chunki bu tashrif nima bilan tugashini hamma biladi», dedi Zelenskiy.
«Bitta «Oreshnik»ni yo‘q qildik»
Rossiya Ukraina shaharlarini yana faollik bilan bosib olayotgani haqida xabarlar fonida Kiyev Rossiya armiyasiga qarshi amalga oshirgan maxfiy operatsiyalarni ochiqlashga o‘tdi. Buning sababi tushunarli, ukrain jamiyatiga dushman muvaffaqiyati fonida ular ham jim turmaganini ko‘rsatish. Masalan, SBU rahbari Vasil Malyukning aytishicha, Ukraina maxsus kuchlari ikki yil avval Rossiya hududida «Oreshnik» raketasini yo‘q qilgan. Bu voqea 2023 yil yozida amalga oshirilgan. Qizig‘i bu vaqtda Rossiya «Oreshnik» raketasini shov-shuv qilishga ulgurmagandi.
General Malyukka ko‘ra, ukrainalik razvedkachilar «Oreshnik» raketasini Astraxandagi Kapustin Yar poligonida yo‘q qilgan. O‘sha vaqtda Rossiya armiyasi arsenalida bunaqa raketalardan uchta bo‘lgan va 2024 yil 21 aprel kuni Rossiya bu raketa bilan Dnepr oblastiga zarba bergandi.
Boshqacha urush
Bu ikki xabarni bejizga keltirmadim. Bu misollar hozir bizdan uncha olis bo‘lmagan, yaqingacha biz bilan bir siyosiy tuzum ostida yashagan ikki davlat o‘rtasidagi urush qanchalik noteng ekanini ko‘rsatadi. Rossiyaning puli ko‘p, yerosti boyliklari har qancha sanksiya-yu cheklovlarga qaramay, istagancha urushish imkonini beradi, jamiyat urushni to‘xtatishi uchun amaldagi hukumatga bosim qilmaydi. Shu sabab Putinning armiyasi istalgancha snaryad ishlab chiqarib, shaharlarning kulini ko‘kka sovurib, vayronalardan boshqa hech vaqo qolmagan shaharlar «ozod qilindi» deb aytaveradi. Bunga puli ham, kuchi ham, quroli ham yetadi.
Ukrainada esa bunaqa kuch yo‘q, bunaqa pul ham yo‘q. Jamiyatning hukumatga bosimi ortib bormoqda, odamlar urushdan charchagan. Yetmaganiga yosh yigitlar imkonini qilgani chetga chiqib ketgan, Ukrainada yurganlari ham hech narsa bo‘lmagandek yashab yuribdi. Ularni majburan urushga olib boray desa, amaldagi hukumat xalqning qarshiligiga duch keladi. Jamiyat butunlay boshqacha. Shu uchun Kiyev yaxshi razvedkachilar, dronlar tayyorlab mana shunday maxfiy operatsiyalar hisobigagina hech bo‘lmasa qolgan shaharlari bosib olinishiga yo‘l qo‘ymayapti.
Boshqacha zamon, boshqacha urush. Mantiqan qarasa, harbiy qudratdagi farqi bu qadar katta bo‘lgan ikki davlat urushsa, kuchsiz tomon juda tez yengilishi kerak, to‘g‘rimi? Lekin o‘sha kuchsiz davlat zamonga moslasha olsa, natijaga ta’sir qila olarkan. Hatto jang maydoniga kirmay turib.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov