Jahon | 08:32 / 01.11.2025
1721
2 daqiqa o‘qiladi

G7 vazirlari Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga hujumlarini qoraladi

«Katta yettilik» mamlakatlarining energetika vazirlari Ukraina energiya ehtiyojlarini ta’minlash ustida ishlashini ma’lum qildi. Ular Rossiyani Ukraina infratuzilmasiga hujumlar orqali aholiga tahdid yaratishda aybladi.

Foto: Anna Pshemyska/DW

«Katta yettilik» (G7) davlatlarining energetika va atrof-muhit vazirlari Ukraina energetika tizimiga qilingan Rossiya hujumlarini qoralab, uning energiya ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha birgalikda ishlashga va’da berdi. «Yaqinda Rossiyaning Ukraina tabiiy gaz infratuzilmasiga qilgan hujumlari aholi va insonlar hayotiga tahdid tug‘dirdi, fuqarolik infratuzilmasi hamda ukrain xalqining energetik xavfsizligini zaiflashtirdi», — deyiladi Kanadaning Toronto shahrida o‘tkazilgan ikki kunlik uchrashuv yakunlari bo‘yicha 31 oktyabr kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda.

«G7 Ukraina iqtisodiyoti va aholisi uchun energiya ehtiyojlarini ta’minlash ustida ish olib boradi. Jumladan, Ukrainaga uning hayotiy ahamiyatga ega energetik infratuzilmasini ta’mirlash va tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — deyiladi vazirlar bayonotida.

Rossiya zarbalarida zarar ko‘rgan energetika infratuzilmasini tiklash uchun Kanada hukumati Ukrainaga qo‘shimcha moliyalashtirishni muddatidan oldin yo‘naltirdi. Tashqi ishlar vaziri Anita Anand Ukraina Energetik qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan 70 mln dollarlik to‘lovning oxirgi qismini tezlashtirish haqida qaror qabul qilinganini ma’lum qildi. Ushbu summadan 10 mln dollar rejadan oldin o‘tkazildi. Mablag‘lar muhim obektlarni ta’mirlash va elektr ta’minoti tizimini qish mavsumiga tayyorlashga yo‘naltirilgan.

«Qish kirib kelar ekan, Rossiya yana muhim ahamiyatga ega fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilayotgan sharoitda energetik qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj juda shoshilinchdir. Shuning uchun Kanada Ukrainaning hayotiy muhim energetik tizimlarini tiklash va ukrainlarni kelgusi og‘ir oylarda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadallashtirmoqda», — deyilgan Kanada hukumatining veb-saytida juma kuni e’lon qilingan press-relizda Anitaning so‘zlaridan iqtibos keltirilib.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid