Sog‘lom hayot | 16:51 / 01.11.2025
2494
5 daqiqa o‘qiladi

Tartibsiz uy – charchagan ong: ortiqcha buyumlar kayfiyatimizga qanday ta’sir qiladi?

Yangi zamon kishilari “ko‘proq narsaga ega bo‘lish” hayotning asosiy maqsadi emasligini asta-sekin tushuna boshlayapti. Lekin ko‘pchiligimiz hali ham uyda yig‘ilib qolgan kichik buyumlar, esdaliklar, “ehtimol, bir kun kerak bo‘lib qolar” deb asrab qo‘ygan ashyolarimizdan voz kecha olmaymiz. Natijada xonalarda to‘lib ketgan javonlar, ko‘rimsiz burchaklar, asabni charchatadigan muhit hosil bo‘ladi. Aslida ortiqcha buyumlar shunchaki tartibsizlikni yuzaga keltirmaydi, ular miya uchun ortiqcha yuk, kayfiyatga bevosita salbiy ta’sir qiluvchi omil sanaladi

Foto: Canva

Miya “tartibsizlikni” xavf sifatida qabul qiladi

Odam ko‘z o‘ngida ko‘rinib turgan har bir buyum miyaning alohida e’tiborini jalb qiladi. Tasavvur qiling: siz stolda kitob o‘qiyapsiz, yoningizda ishlatilmaydigan qalamlar, keraksiz qog‘ozlar, eski kvitansiyalar yotibdi. Ong xohlamasa ham bu narsalar haqida fikrlab, signallarni “qayta ishlash”ga majbur bo‘ladi. Oqibatda diqqat tarqaladi, tez charchash holatlari yuzaga keladi.

Stress gormoni oshadi, ayniqsa, ayollarda

“Uyni yig‘ishtirmasdan turib dam ololmayman” – bu ibora ko‘pchilikka tanish. Mazkur holat psixologik sezgi bilan bir qatorda fiziologik jarayonlarni ham aks ettiradi. Ortiqcha buyumlar to‘plangan xona miyaga doimiy “bajarilmagan vazifa” signalini yuboradi. Natijada miyadagi stress tizimi kuchliroq faollashadi va tinchlanishga to‘sqinlik qiladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uyda tartibsizlik mavjud bo‘lsa, ayollarda kortizol – stress gormoni sezilarli darajada ko‘tariladi. Bu holatning sababi aksar hollarda oilaviy muhit bilan bog‘liq: negaki xonadon tartibini saqlash va tozalash mas’uliyati ayollar yelkasiga tushadi.

Uy tartibsizligi miyada kognitiv yukni oshiradi, konsentratsiya bo‘linadi, ong tinchlanmaydi. Bu holat ruhiyat bilan birga jismoniy salomatlikka ham ta’sir qiladi: doimiy stress kortizol darajasini oshiradi, uyqu sifatini pasaytiradi va charchoqni tezlashtiradi. Shu sababli, ko‘plab psixologlar tartibli uy muhitini saqlashni tavsiya qiladi. Mazkur jarayonda oddiy choralar ham samarali bo‘lishi mumkin: keraksiz narsalarni yopiq shkaf va qutilarga solish, xonani muntazam tozalash, har bir oila a’zosining tartibni saqlash mas’uliyatini muvozanatlash.

Uyqu sifati ham zarar ko‘radi

Charchoqli kundan keyin uyga qaytgan odam xonada tinchlik va osoyishtalikni his qilishi kerak. Ammo pol ustida sochilib yotgan o‘yinchoqlar, stoldagi keraksiz qog‘ozlar, ochiq javonlarda to‘plangan buyumlar miya uchun doimiy “signal” sifatida ko‘rinadi. Miyamiz buni bajarilishi kerak bo‘lgan vazifa deb qabul qiladi va ong tinchlanmaydi. Oqibatda organizm to‘liq dam olmaydi, uyqu sifati yomonlashadi.

Natijada ko‘plab salbiy oqibatlar yuzaga keladi:

§ Uyquga ketish qiyinlashadi: miya hali dam olishga tayyor emas, chalg‘ituvchi vizual stimullar o‘z faoliyatini davom ettiradi;

§ Ertalab hushyor holda uyg‘onish mushkullashadi: chuqur uyquga ketish ehtimoli pasayadi, shuning uchun ertalab charchoq va sustlik hissi oshadi;

§ Kayfiyat tushadi: tartibsizlik va uyqu yetishmasligi ruhiy holatga salbiy ta’sir qilib, asabiylik va charchoq ortadi.

Minimalizm moda emas, hayot sifati

Tadqiqotlar va amaliy kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, oz narsali muhit inson psixologiyasiga ijobiy ta’sir qiladi.

Minimalistik yondashuvda odamlar kamroq buyumga ega bo‘lish orqali o‘zini yengilroq his qiladi. Keraksiz predmetlar va ortiqcha vizual stimullar ongni band qilmaydi, diqqatni jamlash osonlashadi. Shu bilan birga, tartibli va soddalashtirilgan muhit rejalashtirish hamda kundalik vazifalarni bajarishni soddalashtiradi. Minimalizm ijodiy fikrlashni ham rivojlantiradi.

Tartibni saqlash uchun nima qilish kerak?

  • Har kuni 10 daqiqa vaqt ajrating va bir polka yoki tortmani tartibga keltiring.
  • Yangi buyum olsangiz, eskisini chiqaring – “biri kirsa, biri chiqsin” qoidasi.
  • Buyumlarni ochiq joyda emas, yopiq joylarda saqlang.
  • Foydalanmayotgan narsalaringizni tashlab yuboring: “shu narsaga haqiqatan ehtiyojim bormi?”, “oxirgi marta qachon ishlatdim?”, “shu buyum hayotimni yengillashtiradimi?” kabi savollarni o‘zingizga bering va “ha” javobini topmasangiz, keraksiz narsalardan voz keching.

Uy tartibi – bu shunchaki chiroyli ko‘rinish emas: ruhingizga osoyishtalik ulashuvchi, stressni yengillashtiruvchi va hayot sifatini oshiruvchi vosita. Tartibli, soddalashtirilgan muhitda yashash sizga kayfiyatni barqaror ushlab turish, dam olishni to‘liq his qilish va ijodiy fikrlashni rivojlantirish imkonini beradi. Ish va yashash makoningizdagi ortiqcha buyumlardan voz kechish va minimal turmush tarziga odatlanish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid