Jahon | 13:54 / 04.11.2025
1769
4 daqiqa o‘qiladi

Latviya prezidenti - Istanbul konvensiyasidan chiqishga qarshi

Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs mamlakat parlamenti qabul qilgan Ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa kengashi konvensiyasini denonsatsiya qilish haqidagi qonunni imzolamadi va deputatlardan qarorni qayta ko‘rib chiqishni talab qildi.

Foto: president.lv

Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs 3 noyabr kuni mamlakatning bir palatali parlamenti — Seymga — ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Yevropa kengashi konvensiyasini (Istanbul konvensiyasi) denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni qayta ko‘rib chiqish talabini yo‘lladi.

Prezident bayonotida aytilishicha, bir chaqiriq davomida konvensiyani ham ratifikatsiya qilish, ham denonsatsiya qilish «Latviya jamiyatiga ham, Latviyaning xalqaro hamkorlariga ham» mamlakatning xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarishga tayyorligi haqida ziddiyatli signal yuboradi. Davlat harakatlaridagi bunday noaniqlik va bashorat qilib bo‘lmaslik Yevropa huquqiy maydonida nomaqbul, deyiladi davlat rahbarining rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.

Rinkevichs ta’kidlashicha, 30 oktyabr kuni Seym tomonidan qabul qilingan Istanbul konvensiyasini denonsatsiya qilish qarori Yevropa maydonida kutilmagan holat bo‘lib, «umumevropa qonun ustuvorligi arxitekturasi»ni xavf ostiga qo‘yishi mumkin. «Latviya YeIda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomadan chiqadigan birinchi davlatga aylanadi», — dedi u. Prezident, shuningdek, qaror Seymning o‘zi belgilagan 9 oktyabr muddati tugamasidan qabul qilinganidan norozilik bildirdi. U muddatgacha vazirlar mahkamasi zo‘ravonlikka qarshi milliy huquq normalarini almashtiruvchi qonunni ishlab chiqishi kerak edi.

Latviya konstitutsiyasining 71-moddasiga muvofiq, prezident Seym qonunni qabul qilgan kundan boshlab 10 kun ichida uni qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin. Biroq agar deputatlar bu talabni rad etsa, davlat rahbari ularning pozitsiyasiga ta’sir ko‘rsata olmaydi.

30 oktyabr kuni Istanbul konvensiyasini denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunning ikkinchi va yakuniy o‘qishida deputatlar o‘rtasidagi debatlar 12 soatdan ziyod davom etdi. Qaror tarafdorlari konvensiya matni «an’anaviy oilaviy rolni zaiflashtiradi», deb hisobladi. Xususan, «gender» va «gender identifikatsiyasi» tushunchalarining ta’riflari «latish an’analariga begona» ekani va maktablar hamda davlat siyosati orqali «ideologiyani singdirishi» mumkinligi norozilik keltirib chiqardi.

Qarshilar esa tarafdorlarni «sharqqa nigoh»da ayblab, asosiy ittifoqchi — AQSh tomon qarashni taklif qildi. «Bilmaydiganlar uchun eslataman: AQSh prezidenti Donald Tramp woke-madaniyat, genderizm va nazoratsiz migrantlar oqimiga qarshi chiqqan ilk shaxslardan biri bo‘lgan. Shunda masala butunlay boshqacha ko‘rinish oladi», — dedi muxolifat deputati Linda Liyepinya.

Qonun ko‘rib chiqilishidan oldin Yurmaladagi Latviya parlamenti binosi oldida minglab odamlar konvensiyani denonsatsiya qilishga qarshi chiqish uchun to‘plandi. Norozi bo‘lganlar oilaviy zo‘ravonlikka qarshi shiorlar ko‘tarib, deputatlarni populizm va «zo‘ravonlarni himoyaga olish»da aybladi. Ayrim namoyishchilar Latviya hokimiyatini «Rossiyaga taqlid qilish»da aybladi, chunki Moskva Yevropa kengashi tomonidan 2011 yilda ishlab chiqilgan konvensiyani imzolamagan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, aksiyada taxminan 5000 kishi qatnashdi. Miting turli hodisalarsiz o‘tdi.

Mavzuga oid