Sog‘lom hayot | 17:14 / 05.11.2025
2724
8 daqiqa o‘qiladi

Immunitet uchun tabiiy “qalqon”: qovoq qanday foydali xususiyatlarga ega?

Urug‘idagi foydali moddalar bilan qadimdan xalq tabobatida qadrlangan qovoqning klinik tadqiqotlarda organizmga tabiiy quvvat ulashuvchi manba ekani tasdiqlanyapti. U yengil hazm bo‘lishi, past kaloriyaliligi va kuchli antioksidant ta’sirga egaligi bilan o‘ziga xos. Ushbu maqolada mazkur mahsulotning xususiyatlari va uni qanday shaklda iste’mol qilish foydaliroq bo‘lishi haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.

Foto: Adobe Stock

Kuz faslida eng ko‘p iste’mol qilinadigan sabzavotlardan biri – qovoq. U aslida kuchli biologik resurs hisoblanadi: past kaloriyaga ega hamda organizm bir nechta tizimlari uchun muhim mikroelementlar manbai. Uzoq muddat saqlanganda ham o‘z foydali xususiyatlarini yo‘qotmaydi, shu sababli kuzdan qishgacha bo‘lgan davrda oilaviy dasturxonlarda uni uchratish mumkin.

Qovoq sog‘lom ovqatlanishda alohida o‘rin tutadi: sho‘rva, bo‘tqa, salat, hatto shirinliklar tarkibida ham ishlatish mumkin. Yumshoq, tez hazm bo‘ladigan va allergiya chaqirishi ehtimoli past bo‘lgani uchun bolalar, keksalar va parhezda yuradiganlar ham bemalol iste’mol qilishi mumkin.

Beta-karotin: ko‘rish qobiliyati va immunitetni mustahkamlovchi resurs

Qovoqning eng boy tarkibiy qismi – beta-karotin. Ushbu modda organizmga tushgach A vitaminiga aylanadi va:

  • ko‘z shilliq qavati hamda to‘r pardasini oziqlantiradi;
  • tungi ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi;
  • mavsumiy kasalliklarga immun javobni kuchaytiradi.

Oftalmologlar A vitamini tanqisligi ko‘rish muammolarining keng tarqalgan omillaridan biri ekanini qayd etadi. Bu jihatdan qovoq profilaktika uchun arzon va qulay yechim.

Fitosterollar va kaliy: yurak-qon tomir tizimining samarali faoliyati

Dunyoda yurak-qon tomir kasalliklari hanuz eng ko‘p uchraydigan va o‘limga olib keluvchi kasalliklar qatorida. Tibbiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri ovqatlanish, xususan kaliy va ozuqaviy tolalarga boy parhez yurak salomatligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtai nazardan, qovoq yurak faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar manbai sanaladi.

Uning tarkibidagi kaliy qon bosimini me’yorda ushlab turishga yordam beradi. Bu modda tomirlar devorini bo‘shashtirib, yurak mushagining zo‘riqishini kamaytiradi va gipertoniya rivojlanishining oldini oladi. Shuningdek, qovoqda mavjud ozuqaviy tolalar xolesterin miqdorini pasaytirishga xizmat qilib, ateroskleroz xavfini kamaytiradi. Bu ayniqsa zamonaviy turmush tarzida keng tarqalgan yuqori yog‘li ovqatlanish fonida alohida ahamiyatga ega.

Qovoq urug‘i tarkibidagi fitosterollar va Omega-3 yog‘ kislotalari yurak mushagini qo‘llab-quvvatlaydi, yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi hamda qon tomirlari elastikligini yaxshilaydi. Mazkur kombinatsiya qon aylanishini yaxshilab, yurak xuruji xavfini pasaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, qovoq urug‘idagi rux moddasining ahamiyati ham yuqori bo‘lib, u immunitetni mustahkamlash, gormonal muvozanatni qo‘llab-quvvatlash va erkaklar reproduktiv salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Ichak faoliyatini yaxshilash va detoks ta’siri

Qovoqning eng muhim afzalliklaridan biri uning yuqori tolali tuzilmasida. Ana shu tola ichak faoliyatini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi. O‘simlik tolalarining bir qismi suvni o‘ziga tortib, jyelga aylanadi va oshqozon-ichak yo‘lida harakatni me’yorda davom ettiradi. Bu jarayon qondagi shakar hamda xolesterin miqdorini barqaror ushlab turishga ko‘maklashadi.

Qovoq tarkibidagi yutilmaydigan tolalar esa ichak peristaltikasini faollashtirib, ich qotishini kamaytiradi. Ushbu mahsulot muntazam iste’mol qilinsa, hazm jarayoni yaxshilanadi, ichak faoliyati ritmga kiradi va hazm tizimidagi ortiqcha yuk ozayadi.

Qovoq mikrobiomga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tolalar ichakdagi foydali bakteriyalar uchun oziqa bo‘lib xizmat qilgani sababli mikrobiota balansini qo‘llab-quvvatlaydi va immunitetni mustahkamlaydi. Shundan kelib chiqib, mazkur sabzavot to‘g‘ri hazm jarayoni va kuchli immun tizimi uchun tabiiy yordamchi sifatida qadrlanadi. Bu xususiyati tufayli gastroenterologlar bolalar ovqatiga qovoq pyuresini asta-sekin kiritishni tavsiya etadi: bu ichakning tabiiy moslanishiga yordam beradi, foydali bakteriyalar balansini mustahkamlaydi va hazmni osonlashtiradi.

Biroq odamda ich ketishi, sezgir ichak sindromi yoki meteorizmga moyillik bo‘lsa, mahsulotni me’yorida iste’mol qilish muhim. Chunki tolalar ortiqcha iste’mol qilinganda ichak faoliyatini tezlashtirib, noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin.

Qovoq urug‘i: uyqu va ruhiy muvozanat barqarorligi

Qovoq urug‘i ruhiy holat va uyqu sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu urug‘lar triptofan aminokislotalariga boy bo‘lib, organizmda serotonin, ya’ni inson ruhiy holati va kayfiyatini tartibga soluvchi “baxt gormoni” sintezida muhim rol o‘ynaydi. Serotonin darajasi yetarli bo‘lsa, kayfiyat ko‘tariladi, stress va bezovtalik kamayadi, uyqu sikli yaxshilanadi va depressiv holatlar xavfi pasayadi.

Shuningdek, qovoq urug‘ida mavjud magniy asab tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va mushaklarni bo‘shashtiradi, bu esa tinch va sifatli uyquga yordam beradi. Katta miqdorda urug‘ iste’mol qilish shart emas, kuniga bir hovuch (20–30 g) yetarli bo‘ladi. Yaxshi natija uchun urug‘lar pishirilmagan, quritilgan yoki yengil qovurilgan holda iste’mol qilinadi, kechki ovqatdan oldin yoki tushlik bilan birga ratsionga kiritish tavsiya etiladi.

Glyukemik yuk: diabetga chalinganlar me’yorni saqlashi lozim

Biroq qovoq har doim ham xavfsiz mahsulot sifatida qabul qilinmasligi kerak. Tarkibida tabiiy shakar miqdori mavjud bo‘lgani sababli qandli diabet bilan yashovchi bemorlar uni me’yorda iste’mol qilishi lozim. Masalan, 100–150 gramm qovoq pyuresi yoki 2–3 tilim pishirilgan qovoq kunlik ratsionga xavfsiz kiritilishi mumkin.

Qaysi vaqtda iste’mol qilish foydali?

Qovoqni ertalab iste’mol qilish hazm tizimi uchun eng qulay hisoblanadi. Tolaga boy bo‘lgani sababli qonda glyukoza sekin so‘riladi, qon shakarining keskin ko‘tarilishi oldi olinadi. Bu esa qandli diabet bilan yashovchilar uchun muhim. Bug‘da pishirilgan qovoq yoki pyure ko‘rinishidagi taom ertalabki nonushta uchun ideal variant.

Tushlik paytida qovoq sho‘rva yoki pyure shaklida iste’mol qilinsa, hazmni yengillashtiradi va to‘qlik hissini beradi. Oqsil va boshqa sabzavotlar bilan birga yeyish glyukemik yukni kamaytiradi.

Kechki paytda qovoqni ko‘p miqdorda iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, diabetiklar uchun kechki ovqatdan keyin glyukoza darajasi uzoq vaqt oshib turishi mumkin. Kechki ovqat tarkibidagi ovqatda qovoq bo‘lsa, uni 100–150 grammdan oshirmaslik va yog‘li yoki shirin mahsulotlar bilan birga iste’mol qilmaslik muhim.

Shakli va pishirish usuli

  • Bug‘da pishirilgan yoki pyure: vitamin va tolalar saqlanadi, oshqozonda yengil hazm bo‘ladi.
  • Sho‘rva: bolalar va oshqozon sezgirligi bo‘lgan bemorlar uchun qulay.
  • Qovurilgan: kaloriyasi oshadi, diabetiklar va ortiqcha vaznli odamlar uchun tavsiya etilmaydi.
  • Urug‘i: uyqu va nerv tizimini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo faqat me’yorida (20–30 g) iste’mol qilinishi lozim.

Qovoqni sog‘lom hayot va parhezning ajralmas qismi sifatida qabul qilish mumkin, lekin uni iste’mol qilishda me’yor va vaqtni hisobga olish zarur.

ü Eng foydali vaqt: ertalab yoki tushlik;

ü Eng sog‘lom shakl: bug‘da pishirilgan, pyure yoki sho‘rva holatida.

Diyoraxon Nabijonova

Mavzuga oid